
O‘zbekiston eksporti bir yilda qariyb 6,5 mlrd dollarga o‘sdi
2025 yilda mamlakat eksporti 23 foizga ortdi. Bu tashqi bozorlar geografiyasining kengayishi va xizmatlar eksportining oshishi bilan izohlanmoqda.

2025 yilda O‘zbekiston eksporti 33,4 milliard dollarga yetib, 2024 yilga nisbatan 23 foizga oshdi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.
Taqqoslash uchun, 2024 yilda O‘zbekistonning eksport hajmi 26,94 milliard dollar bo‘lgan. Ya’ni, bir yil ichida eksport deyarli 6,5 milliard dollarga ko‘paydi.
2025 yil davomida mamlakat tashqi savdo geografiyasi ham sezilarli darajada kengaydi. O‘zbekiston mahsulotlari va xizmatlari 131 ta davlat bozorlariga chiqdi. Eksport asosan Yevropa, Osiyo va Yaqin Sharq mintaqalaridagi yirik bozorlarni qamrab oldi.
Ma’lumot uchun, 2025 yilning 11 oyi yakunlari bo‘yicha eksportda eng katta ulush Rossiya va Xitoy hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bu davlatlar O‘zbekiston uchun strategik savdo hamkorlari bo‘lib qolmoqda.
Eksport o‘sishida xizmatlar sohasi muhim o‘rin tutdi. Xususan, turizm eksporti hajmi 5 milliard dollarga yetdi. Shu bilan birga, IT-xizmatlar eksporti 940 million dollarga chiqib, raqamli iqtisodiyot salohiyati oshib borayotganini namoyon etdi.
Tovar guruhlari kesimida oziq-ovqat mahsulotlari hamda qurilish materiallari eksporti sezilarli o‘sdi. Har ikki yo‘nalish bo‘yicha eksport hajmi 1,1 milliard dollarga yetdi.
Qayd etilishicha, 2026 yilga kelib O‘zbekiston eksporti 40 milliard dollargacha yetishi mumkin. Bu 2024 yilga nisbatan qariyb 55 foizlik o‘sishni anglatadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston 2030 yilga kelib eksport hajmini 67 milliard dollarga yetkazishni rejalashtirayotgani haqida xabar qilgandik.





