Logo

O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida qanday hujjatlar imzolandi?

Shavkat Mirziyoyev va Narendra Modi ishtirokida ikki davlat hamkorligining turli yo‘nalishlarini qamrab olgan 12 ta hujjat imzolandi.

O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida qanday hujjatlar imzolandi? © president.uz

Oliy darajadagi muzokaralar yakunida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston bosh vaziri Narendra Modi ishtirokida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar munosabatlar keng qamrovli strategik sheriklik bosqichiga ko‘tarilganini qayd etdi. Tashrif doirasida qo‘shma bayonot va savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator hujjatlar imzolandi.

Jami 12 ta hujjat qabul qilindi. Ular orasida 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan madaniy almashinuvlar dasturi, Ayurveda va an’anaviy tibbiyot, oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda iqtisodiy-moliyaviy muloqot bo‘yicha kelishuvlar bor.

Jumladan:

– Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modining O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonot;

– O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Hindiston Respublikasi Hukumati o‘rtasida 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan madaniy almashinuvlar dasturi;

– Ayurveda va an’anaviy tibbiyotning boshqa yo‘nalishlarida hamkorlik to‘g‘risidagi o‘zaro anglashuv memorandumi;

– Oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;

– Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;

– Fayoztepa va Qoratepa hududlarida arxeologik tadqiqotlar o‘tkazish to‘g‘risida bayonnoma;

– Iqtisodiy va moliyaviy muloqot to‘g‘risida o‘zaro anglashuv memorandumi;

– 2026-2028 yillarda turizm sohasidagi hamkorlik dasturi;

– Geologiya va mineral resurslar sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida o‘zaro anglashuv memorandumi;

– Arxiv ishi sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida o‘zaro anglashuv memorandumi;

– Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Sushma Svaraj nomidagi Tashqi aloqalar instituti o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida o‘zaro anglashuv memorandumi;

– Samarqand viloyati va Gujarat shtati o‘rtasida sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida bitim.

Shavkat Mirziyoyev muzokaralar yakuni bo‘yicha OAV vakillariga bergan bayonotida Narendra Modining O‘zbekistonga tarixiy tashrifi ikki davlat munosabatlarida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Prezidentning qayd etishicha, o‘tgan yili O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash 33 foizga o‘sib, 1,3 mlrd dollarni tashkil qilgan. Tomonlar ushbu ko‘rsatkichni 2030 yilga qadar 5 mlrd dollarga yetkazishni maqsad qildi.

Tashrif davomida muhim qo‘shma investitsiya loyihalari portfeli shakllantirildi. Energetika, nodir minerallar, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, elektronika, mashinasozlik, zargarlik va qishloq xo‘jaligida yangi «o‘sish nuqtalari» belgilab olindi.

Hamkorlik kengayadi

Madaniy-gumanitar sohada ham yangi kelishuvlarga erishildi. O‘zbekistonda Hindistonning 4 ta oliygohi faoliyat yuritayotgani, Lal Bahodur Shastri va Mahatma Gandi nomidagi markazlar samarali ishlayotgani qayd etildi.

Shuningdek, 30 kunlik vizasiz tartib va ikki mamlakat o‘rtasida haftasiga 14-marta amalga oshirilayotgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar turizmni rivojlantirish uchun muhim omil sifatida ko‘rsatildi.

Tomonlar BMT, SHHT, Qo‘shilmaslik harakati, BRIKS va Global Janub mamlakatlari bilan hamkorlik doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga kelishdi.

Muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha keng qamrovli «yo‘l xaritasi» ishlab chiqilishi ma’lum qilindi. Unda har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq vazifalar va ijro mexanizmlari belgilanadi.

Teglar

Mavzuga oid