add

O‘zbekiston va OTB 100 mln dollarlik STEM loyihasini imzoladi

Bosh vazir o‘rinbosari va OTB prezidenti o‘rtasidagi uchrashuvda O‘zbekistonda STEM ta’limini rivojlantirish bo‘yicha loyiha imzolandi.

O‘zbekiston va OTB 100 mln dollarlik STEM loyihasini imzoladi

17-noyabr kuni Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Masato Kanda bilan uchrashdi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, tadbirda O‘zbekiston – OTB munosabatlarining 30 yillik tarixi, amaliy natijalar va yangi strategik yo‘nalishlar atroflicha muhokama qilindi.

Uchrashuvda hamkorlikning transport, energetika, suv ta’minoti, ta’lim va xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarida izchil rivojlanayotgani qayd etildi. O‘zbekiston tomoni aholi turmush sifatini yaxshilashga xizmat qilgan loyihalardagi ko‘magi uchun bank rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi.

Ta’kidlanishicha, 2026 yil may oyida Samarqandda bo‘lib o‘tadigan OTB Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishiga tayyorgarlik masalalari ham ko‘rib chiqildi. Yirik xalqaro tadbirni hamkorlikda tashkillashtirish uchun qo‘shma yo‘l xaritasini tasdiqlash taklif etildi.

Shu bilan birga, moliyalashtirish mexanizmlarini kengaytirish, iqtisodiy zonalar infratuzilmasini rivojlantirish, ayollar va yoshlar bandligini oshirish, eksportga yo‘naltirilgan korxonalarni rag‘batlantirish bo‘yicha o‘rta muddatli tashabbuslar muhokama qilindi. 2026–2030 yillar uchun yangi keng qamrovli Hamkorlik dasturini ishlab chiqish yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida umumiy o‘rta ta’lim tizimida STEM yo‘nalishini zamonaviylashtirishga qaratilgan «O‘rta ta’limda STEM» loyihasi bo‘yicha 100 million dollarlik kredit kelishuvi imzolandi.

Ma’lumot o‘rnida, STEM ta’limi — bu ilm-fan (Science), texnologiya (Technology), muhandislik (Engineering) va matematika (Mathematics) sohalarini birgalikda va integratsiyalangan usulda o‘qitishga asoslangan ta’lim modeli. Ya’ni, bu tizim bolalarni fakat nazariya emas, balki tafakkur va mantiq yuritishga, muammolarni yechishga, muxandislar kabi o‘ylashga hamda texnologik ijodkorlikka o‘rgatadi.

Avvalroq OTB O‘zbekistonga mikromoliyalashni rivojlantirish uchun 300 mln AQSH dollari miqdorida, shundan 100 mln dollari imtiyozli shartlarda qarz ajratgani ma’lum qilingandi.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekiston va OTB 100 mln dollarlik STEM loyihasini imzoladi | Vaqt.uz