add

O‘zbekiston va OTB strategik sheriklikni yanada kengaytiradi

Shavkat Mirziyoyev OTB rahbari Masato Kando bilan uchrashdi. Unda infratuzilma, «yashil» energetika va inson kapitali sohalaridagi qo‘shma dasturlarni kengaytirish kabi tashabbuslar ilgari surildi.

O‘zbekiston va OTB strategik sheriklikni yanada kengaytiradi

18-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Masato Kando boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuv avvalida OTB rahbari mamlakatimiz yetakchisini strategik sheriklikning 30 yilligi hamda 2025–2026 yillarda Boshqaruvchilar kengashiga raislik O‘zbekistonga o‘tgani bilan tabrikladi.

Muzokaralarda O‘zbekistonda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar doirasida keng ko‘lamli hamkorlikni yanada kuchaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Ikki tomonlama sheriklik so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarilgani, qo‘shma loyihalar portfeli 15 milliard dollardan oshgani ta’kidlandi. Shuningdek, «yashil» energetika, transport, raqamli transformatsiya, ta’lim kabi yo‘nalishlarda umumiy qiymati 3 milliard dollardan ziyod yangi dasturlar ishlab chiqilayotgani qayd etildi.

Uchrashuvda 2026 yil may oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan OTB Boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishiga tayyorgarlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shavkat Mirziyoyev mazkur tadbir doirasida OTB bilan Kengaytirilgan strategik sheriklik dasturini imzolash tashabbusini ilgari surdi. Unda infratuzilma rivoji, muhandislik va texnik kadrlar tayyorlash, xotin-qizlar va yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish, kambag‘allikni qisqartirish, ipoteka bozori va xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash kabi yo‘nalishlar ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.

Uchrashuvda OTBning Markaziy Osiyo miqyosida transport, energetika va savdo yo‘nalishlaridagi yirik mintaqaviy loyihalarni ilgari surishdagi ishtiroki muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Bank prezidenti Masato Kando O‘zbekistondagi yangilanishlar natijalarini yuqori baholab, Yangi O‘zbekiston islohotlarini amalga oshirishda har tomonlama ko‘mak berishga tayyorligini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq OTB O‘zbekistonga mikromoliyalashni rivojlantirish uchun 300 mln dollar ajratishi haqida xabar berilgandi.

Teglar

Mavzuga oid