
O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan sanoat korxonalari soni qariyb 58 mingga yetdi
Mamlakatdagi sanoat korxonalarining katta qismi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, ularning soni 11,5 mingtani tashkil etadi.

2025 yil 1-oktabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 57,8 mingta sanoat korxonasi faoliyat yuritmoqda. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, eng ko‘p korxonalar oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish sohasi hissasiga to‘g‘ri keldi. Bu yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar soni 11,5 mingtani tashkil etadi.
Shuningdek, ikkinchi o‘rinda boshqa nometall mineral mahsulotlar ishlab chiqarish sohasi turibdi. Bu yo‘nalishda 8,2 mingta korxona faoliyat yuritadi. Ushbu tarmoq qurilish materiallari va sement ishlab chiqarish bilan bog‘liq.
Kiyim va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish sohalarida mos ravishda 5,8 mingta va 3,6 mingta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.
Bundan tashqari, tayyor metall buyumlar ishlab chiqarish sohasida 4,7 mingta, mebel ishlab chiqarishda 4 mingta, rezina va plastmassa buyumlar ishlab chiqarishda esa 2,7 mingta korxona faoliyat yuritmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025 yil 1-oktabr holatida O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan oilaviy korxonalar soni 36 069 tani tashkil etgani haqida xabar bergan edik.





