
O‘zbekistonda tibbiyot sohasida 20 ta sun’iy intellekt loyihasi joriy etiladi
«O‘zbekiston-2030» strategiyasining yangi tahririda tibbiyotni to‘liq raqamlashtirish va sun’iy intellekt orqali xizmatlar sifatini oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston-2030 strategiyasi loyihasida sog‘liqni saqlash tizimini raqamli transformatsiya qilish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi. Hujjatda tibbiyot muassasalarini to‘liq raqamlashtirish va sohada 20 ta sun’iy intellekt loyihasini ishga tushirish orqali xizmatlar sifati hamda boshqaruv samaradorligini oshirish rejalashtirilgan.
Strategiya loyihasiga ko‘ra, tibbiyot muassasalarini raqamlashtirish darajasini 100 foizga yetkazish asosiy maqsadlardan biri etib belgilangan. Bu jarayon doirasida tibbiy ma’lumotlarni elektron shaklda yuritish, xizmatlarni hisobga olish va boshqaruv qarorlarini qabul qilishda raqamli yechimlardan keng foydalanish ko‘zda tutilmoqda.
Sun’iy intellekt loyihalari, avvalo, diagnostika va monitoring jarayonlarini takomillashtirishga qaratilgan. Ma’lumotlar tahlili asosida qaror qabul qilishni tezlashtirish, tibbiy xatolarni kamaytirish hamda bemorlar uchun xizmatlardan foydalanishni yanada qulay qilish asosiy vazifalar sifatida belgilangan.
Shuningdek, raqamlashtirish orqali tibbiy xizmatlarni hisobga olish, yo‘llanmalar berish va qabul jarayonlarini tizimlashtirish, tibbiyot muassasalari o‘rtasida ma’lumotlar almashinuvini yaxshilash rejalashtirilgan. Bu esa soha samaradorligini oshirish va resurslardan oqilona foydalanishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, strategiya loyihasida aholi salomatligini yaxshilashga qaratilgan boshqa maqsadlar ham nazarda tutilgan. Jumladan, birlamchi tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish, profilaktik ko‘riklar qamrovini kengaytirish, ayrim kasalliklar bo‘yicha erta aniqlash va davolash ko‘rsatkichlarini oshirish rejalashtirilgan.
Ushbu tashabbuslar tibbiyot sohasida raqamli infratuzilmani mustahkamlash, xizmatlar sifatini yangi bosqichga olib chiqish hamda aholi uchun tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Ma’lumot o‘rnida, 2025 yil davomida respublika tibbiyot tizimida raqamlashtirish jarayonlari jadallashdi va sun’iy intellekt asosida amalga oshirilayotgan tekshiruv hamda muolaja turlari 43 taga yetgan.





