
O‘zbekistonda yil boshidan buyon samolyotlarda 5 ta o‘lim holati qayd etildi
O‘zbekistonda 2025 yil boshidan buyon havo transportida 5 ta yo‘lovchi vafot etdi. Uzbekistan Airports ma’lumotlariga ko‘ra, bu holatlarning barchasi parvoz vaqtida, manzilga yetib borishdan avval sodir bo‘lgan.

2024 yilda 14 ta shunday holat ro‘y bergan, ulardan 11 tasi samolyot ichida, 3 tasi esa Toshkent xalqaro aeroportining uchib kelish zalida yuz bergan.
Shu bilan birga, sog‘ligi tufayli parvozga qo‘yilmagan yo‘lovchilar soni ortib bormoqda. 2024 yilda 46 nafar yo‘lovchi parvozdan qoldirilgan bo‘lsa, 2025 yilning 6 oyida bunday holatlar soni 61 nafarga yetgan. Bu salomatlik nazorati kuchaytirilayotganini ko‘rsatadi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, qon bosimi, harakat cheklanishi va kislorod yetishmovchiligi kabi omillar parvoz paytida ayrim bemorlar holatini og‘irlashtirishi mumkin. Shu sababli, o‘tkir yoki surunkali kasallikka ega fuqarolarning havo transportidan foydalanishi jiddiy tibbiy baholashni talab qiladi.
Ayni paytda, O‘zbekistonda havo transportidan foydalanuvchi yo‘lovchilar soni ham ortib bormoqda. 2025 yilning birinchi yarmida 3 mln 952 ming kishi samolyot orqali safar qilgan bo‘lib, bu 2024 yilning mos davriga nisbatan 866,6 ming nafarga ko‘p. Yo‘l harakati sifatining oshishi va ichki hamda xalqaro parvozlarga bo‘lgan talab bu o‘sishning asosiy sabablaridan biri bo‘lmoqda.





