
O‘zbekistonda yo‘lovchi va yuk samolyotlari QQS va bojdan ozod qilindi
Prezident Sh.Mirziyoyev qaroriga ko‘ra, mamlakat aviakompaniyalari uchun import qilinadigan yo‘lovchi va yuk samolyotlari endilikda QQS va bojxona to‘lovlaridan ozod etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev fuqarolik aviatsiyasi sohasidagi davlat siyosatini takomillashtirishga oid qarorni imzoladi. Hujjatga muvofiq, O‘zbekistondagi rezident aviakompaniyalar tomonidan olib kiriladigan yo‘lovchi va yuk samolyotlari texnologik jihozlar ro‘yxatiga kiritilib, ular QQS va bojxona to‘lovlaridan ozod etildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Transport vazirligiga 2026–2028 yillar davomida davlat byudjetidan 250 mlrd so‘m ajratish vazifasi yuklatildi. Bu mablag‘lar aerodromlar va havo harakatini boshqarish tizimlarini modernizatsiya qilish, radiotexnik jihozlar sotib olish, aeroport majmualarini qurish va ta’mirlash ishlariga yo‘naltiriladi.
Qaror bilan Transport vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Aviatsiya sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi. Jamg‘arma mablag‘lari xalqaro yo‘nalishlardagi parvozlar uchun aeroport yig‘imlaridan ajratiladigan to‘lovlar hisobiga shakllanadi.
Mazkur jamg‘arma mablag‘lari quyidagi yo‘nalishlarga sarflanadi:
· «O‘zaviatsiya» agentligi faoliyatini moliyaviy jihatdan ta’minlash va ICAO talablariga mos mustaqillikni yo‘lga qo‘yish;
· uchuvchilar va bort kuzatuvchilarni tayyorlash bo‘yicha ta’lim muassasasini tashkil etish hamda uning moddiy-texnika bazasini yaratish;
· aviatsiya sohasi mutaxassislarini tayyorlash jarayonlarini rag‘batlantirish;
· aviatsiya hodisalari va insidentlarini tergov qilish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish.
Prezident 15 oktyabr kuni yangi Toshkent aeroporti poydevor qo‘yish marosimida ham aviasohani rivojlantirish rejalarini ma’lum qilgan edi. Uning ta’kidlashicha, kelgusi besh yilda samolyotlar parki 180 tagacha, yo‘nalishlar soni esa 230 taga yetkaziladi.





