
O‘zbekistonliklar 10 oyda sog‘liqni saqlash xizmatlariga 16,5 trln so‘m sarfladi
Yanvar–oktabr oylarida tibbiy xizmatlar bozori o‘sishda davom etib, aholi tomonidan sarflangan mablag‘ yil davomida sezilarli oshgani qayd etildi.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning o‘n oyida O‘zbekiston aholisi tomonidan sog‘liqni saqlash sohasida iste’mol qilingan bozor xizmatlari hajmi 16,5 trln so‘mga yetdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15,4 foizga yuqori. Umumiy bozor xizmatlari tarkibida tibbiy xizmatlar ulushi 2 foizni tashkil etdi.
Hududlar kesimida ko‘rilganda, eng katta xizmat hajmi an’anaviy ravishda Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi. Bu yerda yanvar–oktabr oylarida 7,7 trln so‘mlik sog‘liqni saqlash xizmatlari ko‘rsatilgan. Toshkent viloyati 1,6 trln so‘m bilan ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Samarqand viloyatida bu ko‘rsatkich 1,2 trln so‘mni tashkil etgan.
Farg‘ona va Namangan viloyatlarida mazkur xizmatlar hajmi mos ravishda 1,1 trln va 747,7 mlrd so‘m bo‘ldi. Andijon viloyati 739 mlrd so‘m, Buxoro 640,1 mlrd so‘m, Qashqadaryo 612,8 mlrd so‘mlik xizmat ko‘rsatgan.
Shu bilan birga, Xorazm viloyatida tibbiy xizmatlar 557,8 mlrd so‘mga, Surxondaryoda 416,8 mlrd so‘mga yetdi. Jizzax viloyatida bu summa 398,8 mlrd, Sirdaryoda 293,1 mlrd, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 285,6 mlrd so‘mni tashkil qildi. Namangandan keyingi past ko‘rsatkichlardan biri Navoiy viloyatida qayd etilib, u yerda xizmatlar hajmi 269 mlrd so‘m bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025 yil 1-yanvar holatida O‘zbekistonda har 10 ming aholiga o‘rtacha 28,6 nafar shifokor to‘g‘ri kelishi haqida xabar bergan edik.





