O‘zbekistonliklar 2 xonali uy sotib olish uchun qancha ishlashi kerak?

19.02.2026 | 18:503 daqiqa

Samarqand viloyatida 2 xonali uy sotib olish uchun deyarli 10 yillik daromadni to‘liq yig‘ish talab etiladi. Uy narxlari va aholi daromadlari o‘rtasidagi tafovut hududlar kesimida sezilarli farq qilmoqda. Batafsil:

O‘zbekistonliklar 2 xonali uy sotib olish uchun qancha ishlashi kerak?

Ko‘pchilik uchun shaxsiy uyga ega bo‘lish hayotidagi asosiy maqsadlaridan biri hisoblanadi. So‘nggi yillarda uylar narxi qimmatlagani fonida bunga erishish biroz qiyinlashib bormoqda. 

Vaqt.uz O‘zbekiston hududlarida uy sotib olish uchun qancha vaqt ishlash kerakligi haqida infografika tayyorladi. Buning uchun ochiq manbalardagi ma’lumotlardan foydalanildi va ularga qayta ishlov berildi. 

Hisob-kitoblarga ko‘ra, ayrim hududlarda 2 xonali uy sotib olish uchun 10 yillik daromadni to‘liq yig‘ish talab etiladi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hududlardagi uylar narxi bo‘yicha oylik ma’lumotlar berib boradi. 2026 yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekiston hududlarida uylarning o‘rtacha narxi quyidagicha bo‘ldi. 

1

Toshkent shahri va Samarqand viloyatida uylar narxi boshqa hududlarga nisbatan yuqori shakllanayotgan bo‘lsa, Qashqadaryo viloyati va Qoraqalpog‘istonda narx eng past darajada. 

Qancha muddatda uy sotib olish aholi daromadlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq. Shu sabab Milliy Statistika qo‘mitasi taqdim qilgan hududlar bo‘yicha o‘rtacha rasmiy oylik daromadlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar hisob-kitobda kerak bo‘ladi. 

2


2025 yil davomida Toshkent shahrida o‘rtacha oylik daromad ko‘proq bo‘ldi — 10,8 mln so‘m. Keyingi o‘rinlarda Navoiy va Toshkent viloyatlari bormoqda. Eng kam rasmiy oylik maoshlar Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida. 

Hududlarda uy sotib olishga qancha vaqt ketishini hisoblash uchun barcha hududga standard qilib bir xil — 55 kv metr maydonga ega 2 xonali uy tanlab olindi. 

Natijalar qanday bo‘ldi? 

3

Hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonda uy olish eng qiyin bo‘lgan hudud — Samarqand viloyati. Bu yerda uylarning narxi qimmat, lekin rasmiy daromadlar mamlakat bo‘yicha ko‘rsatkichlardan pastroq. 

Shu sababli Samarqand viloyati o‘rtacha rasmiy daromad bilan uy sotib olish uchun 117 oydan oshiq vaqt kerak bo‘ladi. Bu Toshkent shahridan qariyb 2 barobar yuqori. Kuchli uchlikdan Namangan (82,5 oy) va Surxondaryo (82 oy) viloyatlari joy oldi. 

Poytaxtdan uy sotib olish uchun deyarli 70 oylik o‘rtacha rasmiy oylik daromad yig‘ilishi kerak. Bu O‘zbekistondagi 6 ta hududga nisbatan pastroq ko‘rsatkich. 

Toshkent shahrida uylar narxi qimmat bo‘lsada, daromadlar ham mamlakat bo‘yicha eng yuqori hisoblanadi. 

Ko‘rib chiqilayotgan hisoblar bo‘yicha uy olish uchun eng arzon hudud Qoraqalpog‘iston bo‘ldi. Bu yerda o‘rtacha rasmiy maosh yuqori emas, biroq narxlar eng past bo‘lgani uchun mazkur holat kuzatilmoqda. 

Muhim: hisob-kitoblarda faqat rasmiy daromad inobatga olingan. Samarqand viloyati kabi mamlakatning ko‘plab hududlarida xorijiy pul o‘tkazmalari orqali kelib tushadigan daromadlar ham salmoqli ahamiyatga ega. 

Natijalar ham nisbiy hisoblangan. Kimdir uy olish uchun daromadining 50 foizini yig‘a olsa, boshqalar 20-30 foizini yig‘adi. Tabiiyki, uy olish muddati ko‘rsatilgan muddatlardan ko‘proq bo‘ladi. 

Bu esa ko‘pchilik uchun uy sotib olish anchagina uzoq muddatli moliyaviy maqsadga aylanib borayotganini ko‘rsatadi.

Teglar

Fozil Qambarov

Fozil QambarovMaqolalar soni: 130

Barchasi

Mavzuga oid