add

O‘zbekistonliklar eng ko‘p safar qilayotgan 10 davlat ma’lum bo‘ldi

13.10.2025 | 15:305944

2025 yilning yanvar–avgust oylarida 5,2 mln o‘zbekistonlik turistik maqsadda chet elga borgan. Safarlar soni o‘tgan yilga nisbatan qariyb 27 foizga ko‘paydi.

O‘zbekistonliklar eng ko‘p safar qilayotgan 10 davlat ma’lum bo‘ldi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning sakkiz oyida 5,2 mln nafar O‘zbekiston fuqarosi turistik maqsadlarda chet elga safar qilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,1 million nafarga yoki 26,8 foizga ko‘p. Joriy yilda o‘zbekistonliklar eng ko‘p borgan davlatlar ro‘yxatida Qirg‘iziston va Qozog‘iston yetakchilik qilmoqda. Xususan, Qirg‘izistonga 2,3 mln, Qozog‘istonga 956 ming nafar vatandoshimiz borgan. Bu ikki mamlakatga safar qilganlar ulushi jami turistik chiqishlarning 63,5 foizini tashkil etadi. TOP-10 davlatlar qatorida, shuningdek, Tojikiston (887,9 ming nafar), Rossiya (312,7 ming nafar), Turkiya (181,7 ming nafar), Saudiya Arabistoni (165,7 ming nafar), BAA (94,2 ming nafar), Misr (45,4 ming nafar), Viyetnam (28,5 ming nafar) va Xitoy (27,6 ming nafar) ham bor. Iqtisodchi Otabek Bakirovning ta’kidlashicha, o‘zbekistonliklarning qo‘shni davlatlarga safar qilish sabablaridan biri — shopping turizmi. Uning so‘zlariga ko‘ra, vatandoshlar ko‘p hollarda kiyim-kechak, maishiy texnika va oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olish uchun Qirg‘iziston va Qozog‘istonga yo‘l oladi. Bakirovning fikricha, bunday tendensiyaning asosiy sababi — O‘zbekistondagi bojlar va notarif cheklovlarning kuchayib borishi. Uning ta’kidlashicha, mahalliy bozorda import tovarlariga nisbatan cheklovlar saqlanib qolar ekan, qo‘shni davlatlarga qisqa muddatli safarlar soni yana ortishi ehtimoldan xoli emas. Ma’lumot uchun, dastlabki 9 oyda O‘zbekiston fuqarolarining Yevropa sayohatlariga bo‘lgan talabi 38 foizga oshgan. O‘rtacha sayohat davomiyligi 19 kunni tashkil etgan, bolalar bilan safar qiluvchi oilalar ulushi esa 7 foizga ko‘paygan. Shu bilan birga, chiptalarning o‘rtacha narxi 6,6 foizga pasaygani qayd etilgan. Eslatib o‘tamiz, Vaqt.uz O‘zbekiston turizmida 7 yil davomida qanday o‘zgarishlar bo‘lganini tahlil qilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid