
O‘zbekistonliklar Turkiyaga ko‘proq qanday maqsadlarda safar qilmoqda?
Yil boshidan beri Turkiyaga borayotgan o‘zbekistonliklar soni sezilarli o‘sib, turli maqsadlarda amalga oshirilgan safarlar hajmi yangi ko‘rsatkichlarga yetdi.

Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2025 yilning yanvar—oktabr oylari davomida 230 844 nafar O‘zbekiston fuqarosi turistik maqsadlarda Turkiyaga tashrif buyurdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 32,3 ming kishiga ko‘p bo‘lib, o‘sish sur’ati 16,3 foizni tashkil etdi.
Ma’lumotlar mamlakat fuqarolarining Turkiyaga safar qilishdagi qiziqishi ortganini ko‘rsatadi. Safarlarning eng katta qismi sayyohlik maqsadlariga to‘g‘ri kelib, hisobot davrida 172,4 ming kishi aynan dam olish va turizm uchun ushbu mamlakatga borgan. Bu umumiy oqimning katta qismini tashkil etadi.
Shuningdek, 51,3 ming nafar fuqaro Turkiyadagi qarindoshlarini yo‘qlab qaytgani qayd etilgan. Oliy ta’lim imkoniyatlari va o‘qish bilan bog‘liq safarlar soni 2,3 ming nafarga yetgan bo‘lsa, davolanish maqsadida safar qilganlar 3,3 ming kishini tashkil etgan. Xizmat safari bilan Turkiyaga yo‘l olgan o‘zbekistonliklar soni esa 1,6 ming nafar bo‘ldi.
Avvalroq 2025 yilning yanvar–oktabr oylarida o‘zbekistonliklar ko‘proq qaysi davlatlarga sayohat qilgani haqida xabar berilgandi.





