
Puli va nefti ko‘pligi aytilgan o‘zbeklar, «Chorsu» mehmonxonasi o‘rnida qurilayotgan uylar va o‘qituvchilarga berilgan muhlat — 24 sentyabr dayjesti
24.09.2025 | 22:00189911
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

100 mln dollarlik yangi «Chorsu» loyihasi Toshkent markazini o‘zgartirishi mumkin
Toshkent markazidagi sobiq «Chorsu» mehmonxonasi o‘rnida quriladigan yirik kompleks qurilishi 2025 yil dekabrida boshlanishi kutilmoqda. Loyiha tashabbuskori bo‘lgan Manar Development kompaniyasi matbuot anjumanida bu haqda rasman ma’lum qildi.
Chorsu by Manar yoki Yangi Chorsu nomi bilan belgilanayotgan loyiha doirasida 100 ming metr kvadratdan ortiq maydonda ko‘p funksiyali majmua barpo etiladi. 38,3 ming metr kvadrat turar-joy, 20 ming metr kv.dan ortiq qismi tijorat va mehmonxona maydonlari, 14 mingi esa ofislar uchun ajratiladi.
Loyiha qiymati 100 mln dollardan oshib, mablag‘lar to‘liq kompaniyaning o‘z resurslari hisobidan ajratiladi. Manar Group 2024 yil mayda tashkil etilgan bo‘lib, Orient Group va Golden House bilan aloqalari bor. Ilgari «Chorsu» mehmonxonasini 16,9 mlrd so‘mga sotib olgan BAA kompaniyasi Ittihad International Investment mazkur loyihada ishtirok etmaydi.
Namanganda ayol ukasi uysiz qolganidan shikoyat qilib, hokimning konteyner uyiga xat yopishtirib ketdi
Namangan viloyati Norin tumanida yashovchi Salima Qo‘ldosheva uysizlik muammosi bilan bog‘liq holda tuman hokimi Jo‘rabek Nurmatovga murojaat etdi. U Sho‘rariq mahallasida joylashgan hokimning konteyner uyiga xat qoldirib, oilasining og‘ir ahvoli haqida yozdi.
Sizning qaroringiz tufayli biz oilaviy uysiz qolgan edik. Onam sarson-sargardonlikda vafot etdi. Men turmush qurganman, ukam esa hanuz uysiz, uylanolmay, vatan qilolmay yuribdi. Ishonamizki, siz qachondir o‘z uyingizga qaytasiz, biz esa 13 yildan beri qaytolmayapmiz», — deyiladi xatda.
Vaqt.uz vaziyat yuzasidan Norin tuman hokimligi matbuot kotibi Nosirjon Hasanov bilan bog‘landi. Uning aytishicha, murojaat qilgan qizning onasi turmush o‘rtog‘i vafotidan so‘ng uy-joydan voz kechish dalolatnomasiga imzo qo‘ygan va boshqa shaxsga turmushga chiqqan.
Pulli yo‘llar haqida qonun: deputatlar nimalarni maqulladi?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ma’qullandi. Hujjat yo‘l infratuzilmasini zamon talablariga moslashtirishga qaratilgan.
- Loyihaga ko‘ra, yo‘llarni rejalashtirishda aholi fikri va atrof-muhitga ta’sir hisobga olinadi. Qurilish jarayonida kommunikatsiya tarmoqlarini tiklash xarajatlari qoplanishi shart qilinadi.
- Qonun katta hajmli transport vositalari harakatini tartibga solish, yo‘l bo‘yida xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini joylashtirish qoidalarini ham belgilaydi.
- Asosiy yangilik — pulli trassalar. Ular faqat shu yo‘nalishda muqobil, bepul yo‘l mavjud bo‘lgandagina qurilishi mumkin. Yo‘ldan foydalanish to‘lovi aholi ehtiyoji va iqtisodiy manfaatlarga mos bo‘lishi lozim.
Sertifikat masalasiga aniqlik kiritildi: o‘qituvchilarga yil oxirigacha muddat berildi
O‘zbekistonda xorijiy til o‘qituvchilari B2 darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi shartligi haqida yangi buyruq qabul qilindi. Biroq talabni hali bajarmagan pedagoglarga 2025 yil oxirigacha vaqtincha ishlash huquqi berildi.
- Sertifikatga ega bo‘lmagan o‘qituvchilar yil yakuniga qadar milliy yoki xalqaro imtihonlarda qatnashishi va tilxat topshirishi shart. Agar mavjud sertifikat o‘quv yili ichida kuchini yo‘qotsa, o‘qituvchi o‘sha yil oxirigacha ishini davom ettira oladi.
- Bo‘sh o‘rinlarni to‘ldirish maqsadida xorijiy tillar yo‘nalishidagi 3–4-kurs talabalari ham zarur sertifikatga ega bo‘lsa, vaqtinchalik ishga qabul qilinishi mumkin.
- Sertifikat muddati cheklanmagan holatlarda ham uning amal qilish davri olingan kundan boshlab uch yil etib belgilandi.
Vazirlik hududiy boshqarmalarga o‘qituvchilar uchun qo‘shimcha tayyorlov mashg‘ulotlari o‘tkazish va imtihonlarda ularning to‘liq ishtirokini ta’minlash vazifasini yuklatdi.
Mirziyoyev Trampga: «Nobel mukofotiga sizdan ko‘ra loyiqroq odam yo‘q»
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSH yetakchisi Donald Trampni Nobel mukofotiga loyiq odam deb ta’rifladi. Mirziyoyevga ko‘ra, mukofotga Trampdan ko‘ra loyiqroq odam yo‘q. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisi BMT bosh qarorgohida, tashkilot Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi doirasida Donald Tramp bilan uchrashuvda so‘z ochdi.
«Albatta, siz bilan telefon suhbatida gaplashgan narsalarimizning hammasi amalga oshmoqda. Sizni yana bir bor dunyoda 7 ta nizoga yakun yasaganingiz bilan tabriklashni xohlayman. Ayniqsa, bizning mintaqamiz uchun eng muhimi – Ozarbayjon va Armaniston orasidagi nizoga yechim topdingiz. Men yana bir bor takrorlayman, Nobel mukofotiga sizdan ko‘ra loyiqroq odam yo‘q. Biz buni aytganmiz va aytamiz», - dedi O‘zbekiston rahbari.
Tramp Shavkat Mirziyoyevni «buyuk yetakchi» deb ta’rifladi.
«O‘zbekiston prezidenti bilan birga bo‘lish ulkan sharaf. Uni juda hurmat qilaman. U uzoq vaqtdan beri ishlab kelmoqda. Ko‘p yillar, to‘g‘rimi? Taxminan 15-16 yil bo‘ldi. Bu ham anchagina vaqt. Biror odam mamlakatni shuncha muddat boshqara olishi uchun yagona sabab – juda aqlli va malakasi baland bo‘lishi kerak. Biz bilan birga bo‘lganingiz uchun rahmat. Bilasizlarmi, u turli AQSH mahsulotlarini sotib oldi. Ularning mablag‘lari yetarli. Ularning nefti ham ko‘p, puli ham ko‘p. Odatda, neft pul bilan yaxshi chiqishadi. Lekin ular mamlakat sifatida juda yaxshi natijalarga erishgan va u haqiqatdan ham buyuk yetakchi. Siz bilan yana birga bo‘layotganim katta sharaf. Rahmat», - dedi Donald Tramp.





