
Putin falokat bilan tahdid qilmoqda
20.06.2025 | 22:4042742
Rossiya prezidenti Vladimir Putin «iflos bomba» tahdidi yuzasidan jiddiy bayonot berdi. U Ukrainani so‘nggi xatodan ogohlantirdi.

Putin Rossiya hududiga «iflos bomba» tashlansa, bu Ukraina uchun so‘nggi xato bo‘lishi mumkinligini bildirdi.
«Bu Ukraina tomonidan ulkan xato bo‘lardi. Ehtimol, oxirgisi», - dedi u Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida.
Putin Rossiya yadroviy doktrinasida tahdidlarga aks ta’sir ko‘rsatish belgilanganini eslatib, Rossiyaning javobi juda shafqatsiz bo‘lishini va Ukraina hukumati uchun ham, mamlakatning o‘zi uchun ham halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ta’kidladi.
Shu bilan birga, Rossiya rahbari Kiyevning «iflos bomba» qo‘llash niyati haqida tasdiqlangan ma’lumotlar yo‘qligini qayd etdi. «Xudoga shukrki, bizda bunday tasdiqlar yo‘q. Ammo biz kimningdir kasal miyasida bunday fikrlar paydo bo‘lishi mumkinligini inobatga olamiz», - deya qo‘shimcha qildi u.





