
Qoraqalpog‘istonda uch kishi is gazidan halok bo‘ldi
Fojia qo‘lbola pechni mo‘risiz gaz tarmog‘iga ulash oqibatida sodir bo‘lgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Xo‘jayli tumanida 13-dekabr kuni is gazidan zaharlanish oqibatida uch nafar inson, jumladan ikki nafar voyaga yetmagan bola vafot etdi. Hodisa «Samanko‘l» OFY Qamissholi aholi punktida ijaradagi uyda sodir bo‘lgan. Bu haqda tuman hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Ijaradagi uyda ikki nabirasi bilan yashovchi fuqaro A.J. xonadonni isitish maqsadida qo‘lbola isitish pechining mo‘risini kesib olib, uni boshqa xonaga ko‘chirgan hamda mo‘risiz holda gaz tarmog‘iga ulagan.
Oqibatda fuqaro A.J. hamda uning nabiralari — 2011 yilda tug‘ilgan A.S. va 2015 yilda tug‘ilgan A.Q. hodisa joyida is gazidan zaharlanib hayotdan ko‘z yumgan.
Xabarga ko‘ra, voqea joyiga tergov-operativ guruh va mas’ul idoralar xodimlari zudlik bilan yetib borib, holat yuzasidan ko‘zdan kechirish hamda dastlabki o‘rganish ishlarini amalga oshirgan. Hozirda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, tuman hokimligi marhumlar oilasiga ijtimoiy yordam ko‘rsatilayotganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoroda IIO xodimi oilasi bilan is gazidan vafot etganligi haqida xabar bergan edik.





