
Samarqandda tabiatga 422 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazganlar aniqlandi
Maratoriy joriy qilingan Zarafshon daryosidan qum-shag‘al aralashmasini noqonuniy qazib olish oqibatida tabiatga 422 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan.

Samarqand viloyatida ekologik qonunbuzarliklardan biri aniqlanib, tabiatga juda katta miqdorda zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi hamda viloyat Ekologiya bosh boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida Toyloq tumani hududidan oqib o‘tuvchi Zarafshon daryosi o‘zanida tungi vaqtda noqonuniy qazish ishlari amalga oshirilgani aniqlangan.
O‘rganishlar jarayonida moratoriy joriy qilingan daryo o‘zanidan qum-shag‘al aralashmasini noqonuniy qazib olish holatlari qayd etilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, noqonuniy qazib olingan noruda materiallar Urgut tumani bilan Samarqand shahrini bog‘lovchi yangi temir yo‘l liniyasi orqali olib chiqilgan. Tashish jarayonida maxsus beton moslamalar o‘rnatilgani va materiallar «ZARAFSHON PROPRIETY SERVICE» mas’uliyati cheklangan jamiyati hududiga joylashtirilgani aniqlangan.
Yetkazilgan zarar
Huquqbuzarlik oqibatida tabiatga 422 milliard 648 million 358 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgani hisob-kitob qilingan. Ushbu holat yuzasidan to‘plangan barcha hujjatlar belgilangan tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, temir yo‘l infratuzilmasiga beton bo‘laklari qo‘yilgani yuzasidan hududiy ichki ishlar organlari tomonidan alohida o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Bu holat transport xavfsizligi nuqtai nazaridan ham jiddiy baholanmoqda.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 17-yanvardagi 14-son Farmoni bilan qator daryolar, jumladan Zarafshon daryosi o‘zanida noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatida 24 tup tol noqonuniy kesilib, tabiatga 218 million so‘m zarar yetkazilgani xabar qilingan edi.





