
Samarqandga kelayotgan sayyohlar oqimi 7 barobarga oshgan
Samarqandda turizm sohasiga 1 milliard dollar investitsiya jalb qilingan. Viloyatga kelayotgan sayyohlar oqimi 2016 yilga nisbatan 7 barobar oshgan.

Bu haqda Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida chiqish qilgan Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlab o‘tdi.
So‘nggi yillarda Samarqandda turizm sohasi jadal rivojlanib, ushbu yo‘nalishga 1 mlrd dollar investitsiya jalb qilingan. Natijada, viloyatga kelayotgan sayyohlar oqimi 2016 yilga nisbatan 7 baravar oshdi, turizm xizmatlari eksporti esa 600 million dollarga yetdi.
«Boqiy shahar» majmuasi, 40 dan ortiq ziyoratgohlarning obod etilishi, yangi xalqaro aeroport va o‘nlab brend mehmonxonalar viloyatning turizm salohiyatini sezilarli oshirdi. Imom Buxoriy majmuasi hududi 45 gektargacha kengaytirilib, 10 ming o‘rinli masjid va innovatsion muzey barpo etildi.
Turizm qo‘mitasi xabariga ko‘ra, 2025 yil oxirigacha Samarqandga xorijdan keladigan turistlar soni 3 million kishiga, ichki turistlar soni 7,5 million nafarga yetishi kutilmoqda. Turistlar asosan Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Italiya va Germaniyadan keladi. Hozirgi kunda shaharga kelayotgan buyurgan chet ellik turistlar o‘rta hisobda 3,5 sutka to‘xtab, safar davomida o‘rtacha 320 dollar sarflaydi.
Turizm qo‘mitasi 2025 yil oxirigacha Samarqandning turizm sohasiga qariyb 300 mln dollar investitsiya jalb etilishi haqida ma’lum qilgan edi. Investitsiyalarning 142 mln dollari xorijiy mamlakatlardan jalb etiladi, mahalliy kompaniyalar esa 156 mln yo‘naltiradi. Shaharda turizm infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan 94 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Prezident sessiyada Indoneziya va Malayziyaning ilg‘or turizm kompaniyalarini jalb qilib, mehmonxonalarni zamonaviy boshqaruvga o‘tkazish sayyohlar oqimini yanada oshirish lozimligini ta’kidladi.
Avvalroq BMTning Butunjahon turizm tashkiloti shafeligida tashkil etilgan Xalqaro turizm akademiyasi Samarqand kampusi (Akademiya) faoliyati yo‘lga qo‘yilayotgani haqida xabar bergan edik.





