add

Sanksiyalar ishlamoqda: Urals nefti narxi 34 dollargacha tushib ketdi

Bugun 09:431952 daqiqa

Rossiya neftining asosiy eksport navi bo‘lgan Urals narxi keskin pasayib, budjet tushumlari va urush xarajatlarini qoplash imkoniyatiga jiddiy zarba bermoqda.

Sanksiyalar ishlamoqda: Urals nefti narxi 34 dollargacha tushib ketdi

2025 yil dekabr oyi oxiriga kelib Rossiyaning Urals markali nefti narxi barrel uchun taxminan 34 dollargacha tushib ketdi. Boltiq dengizi orqali eksport qilingan neft 34,82 dollar, Qora dengiz yo‘nalishida esa 33,17 dollar darajasida sotilmoqda. Bu paytda dunyodagi etalon Brent nefti fyucherslari 61 dollar atrofida barqaror saqlanmoqda, deb yozmoqda Bloomberg nashri.

Tahlilchilar bu holatni G‘arb sanksiyalarining amalda ishlay boshlagani bilan izohlamoqda. AQSH ma’muriyati oktabr oyida Rossiyaning so‘nggi yirik neft kompaniyalarini ham sanksiya ro‘yxatiga kiritganidan so‘ng, Rossiya neftini sotish jarayoni yanada qiyinlashdi. Ayniqsa, asosiy xaridor hisoblangan Hindiston dekabr oyida Rossiyadan neft importini sutkasiga 800 ming barrelgacha qisqartirishni kutmoqda.

Bozor ma’lumotlariga ko‘ra, Urals neftiga qo‘llanilayotgan o‘rtacha chegirma 27 dollarni tashkil etmoqda. Biroq Hindistonga yetkazib berish yo‘nalishida bu farq 7,5 dollargacha qisqaradi. Ushbu farqdan qancha qismi Rossiya byudjetiga tushayotgani aniq emas, ammo neft qanchalik arzon bo‘lsa, sanksiyalarga ko‘z yumib xarid qilish vasvasasi shunchalik ortadi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bir barrel uchun 34 dollarlik narx neft eksporti texnik jihatdan davom etishi mumkin bo‘lgan, ammo iqtisodiy samara deyarli qolmaydigan nuqta hisoblanadi. Rossiya byudjeti hali ham asosan xomashyo eksportiga tayanadi, neft daromadlari esa harbiy xarajatlarni qoplashda yetarli bo‘lmay qolmoqda.

Bu sharoitda hukumat ichki qarzlarni ko‘paytirish, qo‘shimcha zayomlar va emissiya mexanizmlariga murojaat qilishga majbur bo‘lishi mumkin. Tahlilchilarga ko‘ra, neft narxining bunday darajada qolishi Rossiya iqtisodiyoti uchun uzoq muddatli moliyaviy bosimni kuchaytiradi.

Xulosa qilib aytganda, Urals nefti narxining keskin tushishi Rossiya uchun faqat bozor muammosi emas, balki budjet barqarorligi va iqtisodiy manyovr imkoniyatlarini cheklovchi omilga aylanmoqda.

Teglar

Mavzuga oid