SHHT sammitida 28 ta hujjat imzolandi
Bishkekdagi yubiley sammitida xavfsizlik, narkotiklarga qarshi kurash, raqamlashtirish, ekologiya va logistika bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan hujjatlar qabul qilindi.
© president.uzQirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida 1-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT)ning yubiley sammiti yakuniga ko‘ra, 28 ta hujjat imzolandi. Bu haqda Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Sammit Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov raisligida o‘tkazildi. Uning ta’kidlashicha, hozir SHHTga a’zo davlatlar dunyo aholisining 40%dan ortig‘ini birlashtiradi va jahon yalpi ichki mahsulotining qariyb to‘rtdan bir qismini ta’minlaydi.
Ayni paytda tashkilot tarkibiga Belarus, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston kiradi. Sammitda ushbu davlatlarning barcha rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda yangi xavfsizlik markazlarini tashkil etish, narkotiklarga qarshi kurash bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish, raqamlashtirish, ekologiya va logistika masalalari muhokama qilindi.
Xavfsizlik va narkotiklarga qarshi kurash
SHHTning 25 yilligiga bag‘ishlangan Bishkek deklaratsiyasi sammitning asosiy siyosiy hujjati bo‘ldi. Shuningdek, davlat rahbarlari 2002 yil 7-iyundagi SHHT Xartiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi bayonnomani tasdiqladi.
Qabul qilingan hujjatlar orasida SHHT davlatlari xavfsizligiga tahdid va xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha universal markaz to‘g‘risidagi nizom ham bor.

Bundan tashqari, tashkilotning Narkotiklarga qarshi kurash markazi Ijroiya qo‘mitasi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Uning tarkibiga Bishkek shahrida ochiladigan Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash markazi kiritiladi.
Narkotiklarga qarshi kurash bo‘yicha 2 ta dastur ham qabul qilindi. Ulardan biri 2030 yilga qadar narkotiklarga qaramlikka qarshi kurashni, ikkinchisi esa 2030 yilgacha sintetik giyohvand moddalar va ularning prekursorlari tarqalishiga qarshi choralarni muvofiqlashtirishni nazarda tutadi.
Raqamlashtirish va logistika bo‘yicha rejalar
Hujjatlar to‘plamidan 2026–2028 yillarda xalqaro axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha SHHT davlatlarining hamkorlik rejasi ham o‘rin oldi.
Shuningdek, 2026–2030 yillarda SHHT mamlakatlarining portlari va logistika markazlarini rivojlantirish bo‘yicha harakatlar rejasi tasdiqlandi.
Sammit yakunida Qirg‘iziston SHHTga raislikni Pokistonga topshirdi.
Shanxay hamkorlik tashkiloti 2001 yil iyun oyida Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston rahbarlari tegishli deklaratsiyani imzolaganidan so‘ng tashkil etilgan.
2026 yilga kelib SHHT a’zolari soni 10 taga yetdi. Afg‘oniston va Mo‘g‘uliston tashkilotda kuzatuvchi davlatlar hisoblanadi. Ozarbayjon, Armaniston, Bahrayn, Misr, Kamboja, Qatar, Quvayt, Laos, Maldiv orollari, Myanma, Nepal, BAA, Saudiya Arabistoni, Turkiya va Shri-Lanka esa SHHTning muloqot bo‘yicha hamkorlari maqomiga ega.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ayni shu sammitda bir qator yangi tashabbuslar qatorida «SHHT – 2040: umumiy taraqqiyot makoni» konsepsiyasini ishlab chiqishni taklif qilgandi.





