add

Talabalar uchun to‘lov-kontraktni to‘lash muddati uzaytirildi

Bugun 20:582 daqiqa

2025/2026 o‘quv yilida talabalar uchun to‘lov-kontraktni amalga oshirish muddati yanvar oyining oxirigacha etib belgilandi.

Talabalar uchun to‘lov-kontraktni to‘lash muddati uzaytirildi

Davlat komissiyasining tegishli bayoniga muvofiq, 2025/2026 o‘quv yilida oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriat va magistratura bosqichlarida tahsil olayotgan talabalar uchun to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lash hamda talabalar safiga qabul qilishni rasmiylashtirish muddati 2026 yil 31-yanvargacha uzaytirildi.

Qarorga ko‘ra, qabul parametrlari doirasida o‘qishga tavsiya etilgan abituriyentlar bazaviy to‘lov-kontrakt asosida bir yillik o‘qitish qiymatining kamida 50 foizini belgilangan muddatgacha to‘lashi shart. Bu talab o‘qishga qabul qilish jarayonini rasmiylashtirish uchun asos hisoblanadi.

Shuningdek, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt, ya’ni «super-kontrakt» asosida o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar ham ular uchun belgilangan bir yillik o‘qitish qiymatining kamida 50 foizi miqdorida to‘lovni amalga oshirishlari lozim. Qolgan qismini to‘lash amaldagi qoidalarga muvofiq keyingi muddatlarda amalga oshiriladi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur yangilik birinchi bosqichga qabul qilingan talabalar uchun amal qiladi. Bu orqali talabalar va ularning ota-onalariga moliyaviy masalalarni hal etishda qo‘shimcha vaqt beriladi.

Qayd etilishicha, amaldagi tartibga ko‘ra, ikkinchi va undan yuqori bosqichlarda tahsil olayotgan talabalar uchun to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lash muddatini tegishli oliy ta’lim muassasasi rahbari tomonidan uzaytirish mumkin. Bu qaror talabaning holati va murojaati asosida qabul qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezidentning tegishli farmoni bilan kambag‘al oila farzandlarining «prava», kontrakt va harbiy xizmat to‘lovlari qoplab berilishi haqida xabar bergandik.

Teglar

Mavzuga oid