add

The Telegraph Yevropa Ittifoqining Ukraina bo‘yicha tinchlik rejasi to‘liq matnini e’lon qildi

Bugun 08:586614 Daqiqa

Yevropa hozirgi front chizig‘i bo‘yicha hududlar yuzasidan muzokaralar o‘tkazishni va Ukrainaga AQSHdan NATO Nizomining 5-moddasiga o‘xshash xavfsizlik kafolatlarini berishni taklif qilmoqda.

The Telegraph Yevropa Ittifoqining Ukraina bo‘yicha tinchlik rejasi to‘liq matnini e’lon qildi

The Telegraph nashrining ma’lum qilishicha, Yevropaning Ukrainadagi urushni to‘xtatishga qaratilgan tinchlik rejasi 24 bandan iborat. Nashr mazkur hujjatning to‘liq matnini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, hududiy muzokaralar jang qilinyotgan hozirgi front chizig‘i bo‘yicha olib boriladi. Ukrainaga esa, huquqiy kuchga ega xavfsizlik kafolatlari, jumladan, NATOning 5-moddasidagi majburiyatlarga o‘xshash tarzda, AQSHdan kafolatlar beriladi.

Rejaning boshqa moddalari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • Mojarodan keyin barqaror tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash choralarini joriy etish.

  • Rossiya va Ukraina quruqlikda, dengizda va havoda o‘t ochishni to‘xtatishga rioya qilish majburiyatini oladi.

  • Tomonlar o‘t ochishni to‘xtatishga rioya etilishini uchinchi davlatlar nazoratida ta’minlash masalasida darhol muzokara boshlaydi.

  • O‘t ochishni to‘xtatish rejimiga rioya etilishini asosan masofadan turib, sun’iy yo‘ldoshlar, dronlar va boshqa vositalar yordamida AQSH boshchiligidagi Ukraina ittifoqchilari kuzatib boradi.

  • Tomonlar o‘t ochish rejimi buzilgan holatlar bo‘yicha hisobot taqdim etishi va ushbu buzilishlarni bartaraf qilish choralarini muhokama qilishi uchun maxsus mexanizm ishlab chiqiladi.

  • Barcha ko‘chirib olib ketilgan ukrainalik bolalar Ukrainaga qaytariladi. Bu jarayonni xalqaro hamkorlar nazorat qiladi.

  • Moskva va Kiyev harbiy asirlarni «barcha evaziga barcha» tamoyili asosida almashadi, Rossiya esa qamoqda saqlanayotgan barcha fuqarolarni ozod qiladi.

  • O‘t ochish to‘xtashi barqaror tarzda ta’minlangandan so‘ng, to‘qnashuvdagi taraflar humanitar yordam ko‘rsata boshlaydi. Bu, jumladan, front chizig‘i orqali oila a’zolarining uchrashuvlarini tashkil etishni ham o‘z ichiga oladi.

  • Ukraina suvereniteti tan olinadi va hech kim Kiyevni betaraflikni saqlashga majbur qilmaydi.

  • Ukraina Qurolli Kuchlari va mamlakatning mudofaa sanoatiga nisbatan hech qanday cheklovlar joriy etilmaydi.

  • Yevropa davlatlari va boshqa manfaatdor davlatlardan iborat guruh Kiyevning xavfsizligi kafolatchisi sifatida ish yuritadi. Ukraina o‘z hududida ittifoqchi qo‘shinlarni joylashtirish huquqiga ega bo‘ladi.

  • Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi faqatgina alyansning barcha a’zolari roziligi bilan amalga oshiriladi.

  • Ukraina Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘ladi.

  • Ukraina yadrodan xoli davlat maqomini saqlab qolish va Yadroviy qurolni tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomaga rioya qilish majburiyatini oladi.

  • Hududiy masalalar Rossiya bilan to‘liq o‘t ochish to‘xtaganidan so‘ng muhokama qilinib hal etiladi.

  • Rossiya va Ukraina kelishilgan hududiy masalalarni kuch bilan o‘zgartirmaslik majburiyatini oladi.

  • Ukraina AQSH ishtirokida Zaporijjya AES ustidan, hamda Kaxovka GESi ustidan nazoratni tiklaydi. Buning uchun nazoratni topshirish mexanizmi yaratiladi.

  • Kiyev Dnipro daryosi bo‘ylab erkin harakat qilish va Kinburn qo‘ltig‘i ustidan nazorat qilish huquqini oladi.

  • Kiyev va uning hamkorlari hech qanday cheklovlarsiz iqtisodiy hamkorlikni amalga oshiradi.

  • Ukraina to‘liq tiklanadi va moddiy kompensatsiya oladi. Bunda muzlatilgan Rossiya aktivlari hisobidan to‘lov amalga oshirilishi mumkin. Bu aktivlar Rossiya Ukrainaga yetkazilgan zararni qoplamaguncha blokda saqlanadi.

  • Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalar barqaror tinchlikga erishilganidan so‘ng bosqichma-bosqich yumshatilishi mumkin. Agar tinchlik kelishuvi buzilsa, sanksiyalar qayta tiklanadi.

  • YXHTga a’zo barcha davlatlar ishtirokida Yevropada xavfsizlik bo‘yicha muzokaralar boshlanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Amerika tomonidan taklif qilingan Ukrainadagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha 28 banddan iborat reja e’lon qilingan edi. AQSH versiyasiga ko‘ra, Ukraina Qurolli Kuchlari soni 600 ming nafargacha cheklanishi kerak.

Ukraina o‘z Konstitutsiyasida NATOga a’zo bo‘lmaslik haqidagi moddani mustahkamlashi lozim. Shuningdek, NATO o‘z hujjatlarida Ukraina hech qachon alyansga qabul qilinmasligi haqidagi normani rasman qayd etishi shart. Alyans o‘z qo‘shinlarini Ukraina hududiga joylashtirmaslik majburiyatini ham oladi.

AQSH Ukraina iqtisodiyotini tiklash uchun investitsiya paketi yaratish niyatida. Buning uchun muzlatilgan 100 mlrd dollar miqdoridagi Rossiya aktivlaridan foydalanish ko‘zda tutilgan. Bu mablag‘lardan tushadigan daromadning yarmi AQSHga yo‘naltiriladi. Rossiya bunga necha bor «o‘g‘rilik» deb baho bergan.

Qrim, Donetsk va Luhansk amalda Rossiya hududi sifatida tan olinadi. Xerson va Zaporijjya esa «bahsli maqom»ga ega bo‘ladi va bu hududlar bo‘yicha harbiy to‘qnashuv chizig‘i bo‘ylab alohida tartib joriy etiladi. AQSH prezidenti Donald Tramp ushbu hududda harbiylashtirilmagan bufer zonasi tashkil etilishini taklif qilmoqda. Ushbu hudud ham Rossiya hududi sifatida tan olinadi. Shu bilan birga, taraflar chegaralarni kuch bilan o‘zgartirmaslik majburiyatini oladi.

Moskva Kiyevga hech qanday hududiy imtiyoz berilishi mumkin emasligini izchil ravishda ta’kidlab kelmoqda. Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘t ochishni to‘xtatish shartlari sifatida quyidagilarni sanagan: Ukraina qo‘shinlarini DXR, LXR, Zaporijjya va Xerson oblastlaridan olib chiqish, shuningdek, ushbu hududlar va Qrimni Rossiya tarkibida tan olish. 2025 yil avgust oyi boshida Rossiya prezidenti Moskva talablari o‘zgarmaganini ma’lum qilgan.

Teglar

Mavzuga oid

The Telegraph Yevropa Ittifoqining Ukraina bo‘yicha tinchlik rejasi to‘liq matnini e’lon qildi | Vaqt.uz