add

Trampning 28 bandli tinchlik rejasi: unda nimalar yozilgan?

Bugun 09:0017245 Daqiqa

Ukraina nashrlari AQSH prezidenti Donald Tramp tomonidan taklif etilgan Ukrainada tinchlik o‘rnatish rejasining to‘liq matnini keltirmoqda.

Trampning 28 bandli tinchlik rejasi: unda nimalar yozilgan?

Donald Tramp tomonidan taklif etilgan va 27-noyabrgacha Ukraina ma’qullashi uchun ultimatum qo‘yilgan tinchlik rejasining to‘liq matnini Ukraina nashrlari keltirmoqda.

Uning o‘zbek tilidagi tarjimasi:

1. Ukraina suvereniteti tasdiqlanadi.

2. Rossiya, Ukraina va Yevropa o‘rtasida umumqamrovli uzaro hujum qilmaslik to‘g‘risidagi bitim imzolanadi. So‘nggi 30 yildagi barcha bahsli holatlar tartibga solingan hisoblanadi.

3. Rossiya qo‘shni davlatlarga bostirib kirmaydi, NATO esa ortiq kengaymaydi.

4. Global xavfsizlikni ta’minlash va o‘zaro hamkorlik va kelgusida iqtisodiy rivojlanish uchun imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida AQSH vositachiligida Rossiya va NATO o‘rtasida barcha xavfsizlik masalalarini yechish va deeskalatsiya uchun shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan muloqot o‘tkaziladi.

5. Ukraina ishonchli xavfsizlik kafolatlariga ega bo‘ladi.

6. Ukraina qurolli kuchlari soni 600 ming kishi bilan cheklanadi.

7. Ukraina o‘z konstitutsiyada NATOga qo‘shilmaslikni mustahkamlab qo‘yadi, NATO esa o‘zining nizomiga Ukraina kelgusidagi har qanday vaqtda alyansga qabul qilinmasligi to‘g‘risidagi moddani qo‘shib qo‘yadi.

8. NATO Ukraina hududida qo‘shin joylashtirmaslikka rozi bo‘ladi.

9. Yevropaning qiruvchi samolyotlari Polshada joylashtirilmaydi.

10. AQSH kafolatlari:

a. AQSH takdim etilgan kafolatlar uchun kompensatsiya oladi.

b. Agar Ukraina Rossiyaga bostirib kirsa u kafolatdan mahrum bo‘ladi.

s. Agar Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa qat’iy harbiy javobdan tashqari, unga nisbatan barcha global sanksiyalar tiklanadi, yangi hududlarning tan olinishi va ushbu bitimning boshqa imtiyozlari bekor bo‘ladi.

d. Agar Ukraina sababsiz Moskva va Sankt-Peterburgga raketa hujumi uyushtirsa, xavfsizlik kafolatlari inobatdan soqit bo‘ladi.

11. Ukraina Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishga haqli va bu masala ko‘rib chiqilishi mobaynida Yevropa bozoriga qisqa muddatli imtiyozli kirish huquqiga ega bo‘ladi.

12. Ukrainani tiklash uchun quyidagi va shu bilan cheklanmagan qudratli global choralar paketi ishga tushadi:

a. Texnologiyalar, data-markazlar va sun’iy intellekt doxil tezkor rivojlanayotgan sohalarga investitsiyalar kiritish uchun Ukrainani rivojlantirish Fondi yaratiladi.

b. Qo‘shma Shtatlar gz haydash quvurlari va gaz omborlari doxil Ukriana gaz infratuzilmasini birgalikda tiklash, rivojlantirish, modernizatsiya va ekspluatatsiya qilish uchun Ukraina bilan hamkorlik qiladi.

s. Urushdan jabr ko‘rgan hududlarni tiklash, shaharlar va turarjoy tumanlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish uchun birgalikda harakatlar olib boriladi.

d. Infratuzilma rivojlantiriladi.

ye. Foydali qazilmalar va tabiiy resurslar qazib olinadi.

f. Jahon banki bu sa’y-harakalarni tezkor moliyalashtirish uchun maxsus paket ishlab chiqadi.

13. Rossiya jahon iqtisodiyotiga qayta integratsiya qilinadi:

a. Sanksiyalarni yechish bosqichma-bosqich va individual tarzda muhokma qilinadi va ma’qullanadi.

b. Qo‘shma Shtatlar iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha uzoq muddatli kelishuv imzolaydi.

s. Rossiya G8 ga qaytish uchun taklif qilinadi.

14. Muzlatilgan mablag‘lar quyidagicha tasarruf etiladi: Rossiya aktivlarining muzlatilgan 100 milliard dollar qismi AQSH rahbarligida Ukrainani tiklash va unga investitsiya qilish harakatlariga sarflanadi.

15. Ushbu bitimning barcha moddalari bajarilishini ta’minlash va ko‘maklashish uchun xavfsizlik masalalari bo‘yicha Amerika-Rossiya qo‘shma ishchi guruhi tuziladi.

16. Rossiya qonun darajasida Yevropa va Ukrainaga hujum qilmaslik siyosatini mustahkamlab qo‘yadi.

17. Qo‘shma Shtatlar va Rossiya yadroviy qurollarni tarqatmaslik va uning ustidan nazorat to‘g‘risidagi shartnoma, jumladan SNV-1 shartnomasining amal qilishini cho‘zish bo‘yicha kelishib oladi.

18. Ukraina Yadroviy furollarni tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomaga muvofiq yadroviy quroldan xoli davlat bo‘lib qolishga rozilik bildiradi.

19. Zaporijjya atom elektr stansiyasi AEXA nazorati ostida qayta ishga tushiriladi va ishlab chiqarilgan elektr energiyasi Rossiya va Ukraina o‘rtasida 50:50 nisbatda teng taqsimlanadi.

20. Har ikki mamlakat maktablar va jamiyatda turli madaniyatlarni anglash va bag‘rikenlikni mustahkamlash, irqchilik va sababsiz xusumatni bartaraf etishga qaratilgan o‘quv dasturlarini joriy qilish majburiyatini oladi:

a. Ukraina Yevropa Ittifoqining dinlararo bag‘rikenglik va til ozchiliklarini himoya qilishga doir me’yorlarini qabul qiladi.

b. Ikki davlat ham barcha kamsitish choralarini bekor qilish va ukrain hamda rus ommaviy axborot vositalari va ta’lim muassasalari huquqlarini kafolatlash bo‘yicha kelishuvga erishadi.

s. Barcha natsistik g‘oyalar va faoliyat rad etilishi va taqiqlanishi lozim.

21. Hududlar:

a. Qrim, Lugansk va Donetsk de-fakto Rossiya hududlari deb tan olinadi, jumladan AQSH tomonidan.

b. Xerson va Zaporijjya to‘qnashuv chizig‘i bo‘yicha muzlatiladi va bu de-fakto to‘qnashuv chizig‘i bo‘yicha tan olishni bildiradi.

s. Rossiya sanab o‘tilgan beshta hududdan tashqarida o‘z nazoratida ushlab turgan kelishilgan hududlardan voz kechadi.

trump peace plan1

d. Ukraina qo‘shinlari hozir o‘z nazorati ostida bo‘lib turgan Donetsk oblastining bir qismidan olib chiqiladi va bu hudud xalqaro hamjamiyat tomonidan Rossiya Federatsiyasiga tegishli deb tan olingan, demilitarizatsiya qilingan bufer zona deb e’tirof etiladi. Rossiya qurolli kuchlari ushbu demilitarizatsiya zonasiga kirmaydi.

22. Kelgusi hududiy kelishuvlar muvofiqlashtirilgandan so‘ng, Rossiya Federatsiyasi va Ukraina bu kelishuvlarni kuch ishlatish yo‘li bilan o‘zgartirmaslik majburiyatini oladi. Agar ushbu majburiyat buzilsa, har qanday xavfsizlik kafolatlari ortiq qo‘llanilmaydi.

23. Tijorat faoliyatini qayta tiklash uchun shart-sharoitlar yaratiladi hamda Qora dengiz orqali don tashish bo‘yicha erkin harakatga oid kelishuvga erishiladi.

24. Ochiq masalalarni hal qilish uchun humanitar qo‘mita tuziladi.

a. Asirlikda qolgan barcha shaxslar va halok bo‘lganlarning jasadlari «barcha evaziga barcha» tamoyili asosida almashiladi.

b. Barcha ushlangan tinch aholi va garovga olingan shaxslar, shu jumladan bolalar, qaytariladi.

s. Oilalarni qayta birlashtirish dasturi amalga oshiriladi.

d. Mojaro qurbonlarining azob-uqubatlarini yengillashtirish uchun choralar ko‘riladi.

25. Ukraina 100 kun ichida saylovlar o‘tkazadi.

26. Mojaroda ishtirok etgan barcha tomonlar urush vaqtida amalga oshirilgan harakatlar uchun to‘liq amnistiya oladi va kelgusida hech qanday da’vo qo‘ymaslik va shikoyatlarni ko‘rib chiqmaslikka rozi bo‘ladi.

27. Ushbu kelishuv yuridik kuchga ega bo‘ladi. Uning bajarilishi Tinchlik kengashi tomonidan nazorat qilinadi va kafolatlanadi. Kengashga prezident Donald J. Tramp rahbarlik qiladi. Buzilishlar uchun sanksiyalar qo‘llaniladi.

28. Barcha tomonlar ushbu memorandumni muvofiqlashtirgandan so‘ng, o‘t ochishni to‘xtatish darhol kuchga kiradi va barcha tomonlar kelishilgan pozitsiyalarga chekinadi hamda kelishuvni amalga oshirishni boshlaydi.

Teglar

Mavzuga oid