Logo

Tramp bir qo‘ng‘iroq bilan FIFAning qarorini o‘zgartirdi: Balogun Belgiyaga qarshi o‘ynaydi

Bugun 12:253 daqiqa

AQSH hujumchisi Folarin Balogun qizil kartochkadan keyin ham maydonga tushishi mumkin bo‘ldi. FIFA qarori esa bahslarga sabab bo‘lmoqda.

Tramp bir qo‘ng‘iroq bilan FIFAning qarorini o‘zgartirdi: Balogun Belgiyaga qarshi o‘ynaydi © Chip Somodevilla / Staff / Getty Images Sport / Gettyimages.ru

FIFA AQSH terma jamoasi hujumchisi Folarin Balogunning diskvalifikatsiyasini vaqtincha to‘xtatib, unga Jahon chempionati 1/8 finalida Belgiyaga qarshi o‘ynashga ruxsat berdi. Qaror AQSH prezidenti Donald Trampning FIFA rahbari Janni Infantino bilan telefon suhbatidan keyin qabul qilingani aytilmoqda.

Balogun Bosniya ustidan 2:0 hisobida qozonilgan g‘alabada musobaqadagi uchinchi golini urdi, biroq ikkinchi bo‘limda raqibi Tarik Muharremovichning to‘pig‘iga butsasi bilan zarba bergani uchun qizil kartochka olgan edi. 25 yoshli hujumchi VAR takroriy lavhasidan so‘ng maydondan chetlatilgan.

Suhbatdan xabardor manbalarga ko‘ra, Tramp Infantinoga qo‘ng‘iroq qilgan va jahon futbolining boshqaruv organidan chetlatish qarorini qayta ko‘rib chiqishni so‘ragan. Shu tariqa, FIFA qizil kartochkani butunlay bekor qilmagan holda, Balogunga o‘yinda ishtirok etish uchun ruxsat bermoqda.

«FIFA Intizom kodeksining 27-moddasiga muvofiq, o‘yindan chetlatish jazosining ijrosi bir yillik sinov muddatiga to‘xtatib turiladi», — deyiladi tashkilot bayonotida.

Ma’lumot uchun, Intizom organi jazo ijrosini to‘liq yoki qisman to‘xtatib turish vakolatiga ega.

«Ulkan adolatsizlik»

«To‘g‘ri qaror qabul qilgani va ulkan adolatsizlikni bartaraf etgani uchun FIFAga rahmat», — deb yozdi Tramp o‘zining «Truth Social» tarmog‘idagi sahifasida.

Oq uy esa Balogunning tarkibga qaytarilganini X tarmog‘ida «AQSH-AQSH-AQSH» (USA-USA-USA) deya nishonladi.

AQSH terma jamoasi futbolchilari qarorni ijobiy qabul qilgan. Jamoa yetakchilaridan Kristian Pulishich dastlab xabarga ishonmaganini, keyin esa buni «juda yaxshi yangilik» sifatida qabul qilganini aytdi.

Belgiya qarordan norozi

Belgiya Qirollik futbol assotsiatsiyasi FIFAning qaroridan «hayratda» ekanini bildirdi.

«FIFA o‘z qarorini FIFA Intizom kodeksining 27-moddasiga asoslanib qabul qilgan. Bu qoidaga ko‘ra, FIFA Intizom qo‘mitasi avvalroq tayinlangan intizomiy jazoning ijrosini to‘xtatib turish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin. Biroq xuddi shu kodeksning 66.4-moddasida qizil kartochka (chetlatish) avtomatik ravishda jamoaning navbatdagi o‘yinidan chetlatilishiga olib kelishi aniq ko‘rsatilgan. Mazkur Jahon chempionati davomida berilgan barcha oldingi qizil kartochkalarda aynan shu qoida ishlagan», — deyiladi Assotsiatsiya bayonotida.

Ta’kidlanishicha, mazkur qaror turnir reglamentiga mutlaqo zid.

«10.5-moddada belgilanganidek: Agar futbolchi yoki jamoaning rasmiy shaxsi to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita qizil kartochka (ikkinchi ogohlantirish) natijasida maydondan chetlatilsa, u avtomatik ravishda o‘z jamoasining keyingi o‘yinini o‘tkazib yuboradi», — deya qo‘shimcha qilgan Belgiya tomoni.

Bunday holatlar avval ham kuzatilgan

Portugaliya terma jamoasi sardori o‘tgan yili Irlandiyaga qarshi kechgan saralash bosqichining so‘nggi turlaridan birida maydondan chetlatilgan edi. FIFA uning uch o‘yinlik diskvalifikatsiyasining oxirgi ikkitasini vaqtincha to‘xtatib turgani sababli, hujumchi Jahon chempionatining dastlabki bahslarida ishtirok etish imkoniga ega bo‘lgan.

1962 yilda Braziliyaning afsonaviy futbolchisi Garrincha yarim finalda maydondan chetlatilgan, biroq chililik muxlislar va prezident Xorxe Alessandri tomonidan qo‘llab-quvvatlangan muvaffaqiyatli apellyatsiyadan so‘ng finalda o‘ynash huquqini qo‘lga kiritgan hamda o‘z jamoasining Chexoslovakiya ustidan 3:1 hisobida g‘alaba qozonishiga yordam bergan edi.

Teglar

Mavzuga oid

Tramp bir qo‘ng‘iroq bilan FIFAning qarorini o‘zgartirdi: Balogun Belgiyaga qarshi o‘ynaydi | Vaqt.uz