
Tramp Putinni Ukrainadagi urushni to‘xtatmaslik oqibatlaridan ogohlantirdi
14.08.2025 | 08:2020274
AQSH prezidenti Donald Tramp Putin bilan Alyaskadagi uchrashuv oldidan urushni to‘xtatmaslik «juda jiddiy oqibatlarga» olib kelishini bildirdi.

AQSH prezidenti Donald Tramp Vladimir Putinga murojaat qilib, agar u 15 avgust kuni Alyaskada o‘tadigan sammitda Ukrainadagi jangovar harakatlarni to‘xtatishdan bosh tortsa, uni «juda jiddiy oqibatlar» kutishi haqida ogohlantirdi. Bu haqda u jurnalistlar savoliga javoban aytib, Oq uy uchrashuv yozuvini e’lon qildi.
Trampning aytishicha, agar Putin bilan muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlansa, u prezident Volodimir Zelenskiy ishtirokida uch tomonlama uchrashuv o‘tkazishga tayyor. «Birinchi uchrashuv yaxshi o‘tsa, men darhol ikkinchisini Putin, Zelenskiy va men ishtirokimda o‘tkazishni xohlardim», — dedi u. Shu bilan birga, u kerakli javoblarni olmasa, keyingi uchrashuv bo‘lmasligini qo‘shimcha qildi.
AQSH rahbari Putinni urushni to‘xtatishga ishontirish imkoniyatiga shubha bildirdi. «Javob ehtimol ko‘proq «yo‘q» bo‘ladi, chunki men Putin bilan yaxshi suhbatlar o‘tkazganman, lekin uyga qaytsam, raketa turarjoyni nishonga olgani va odamlar qurbon bo‘lganini ko‘raman», — dedi Tramp. Shu bilan birga, u Zelenskiy va Yevropa yetakchilari bilan kechagi muloqotini «10 balldan 10» deb baholadi.
AQSH moliya vaziri Skott Bessent muzokaralar samarasiz yakunlansa, Vashington Rossiyaga nisbatan to‘g‘ridan to‘g‘ri sanksiyalarni kuchaytishi va Moskva savdo hamkorlariga nisbatan ikkinchi darajali tariflarni oshirishi mumkinligini bildirdi. U Yevropa davlatlarini ham shunday choralarni joriy etishga chaqirdi. Bessentga ko‘ra, sanksiyalar muzokara natijasiga qarab kuchaytirilishi, yumshatilishi yoki vaqtincha joriy etilishi mumkin.
Sammit oldidan Tramp Zelenskiy va Yevropa yetakchilari bilan videokonferensiya o‘tkazdi. Zelenskiyga ko‘ra, AQSH prezidenti Kiyevga Rossiya bilan bo‘lishi mumkin bo‘lgan tinchlik kelishuvi doirasida xavfsizlik kafolatlarini berishga tayyorligini bildirdi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron esa, Tramp hududiy masalalar Ukraina ishtirokisiz muhokama etilmasligini ta’kidlaganini ma’lum qildi.





