Logo

Tramp «tug‘uruq turizmi»ni taqiqladi va tug‘ilish orqali AQSH fuqaroligini olishni chekladi

Bugun 18:202 daqiqa

Bunday yo‘l bilan fuqarolik olgan bolalar keyinchalik ijtimoiy nafaqalar, saylov huquqi va AQSH fuqarolariga beriladigan boshqa imtiyozlardan foydalanish imkoniga ega bo‘ladi. Ammo endi xorijliklarning safardan asosiy maqsadi tug‘uruq va bolaga Amerika fuqaroligini olish bo‘lsa, ularga viza berilmaydi.

Tramp «tug‘uruq turizmi»ni taqiqladi va tug‘ilish orqali AQSH fuqaroligini olishni chekladi © Foto: Getty Images

AQSH prezidenti Donald Tramp tug‘ilish huquqi asosida Amerika fuqaroligini olishni cheklashga qaratilgan ikkita ijro farmonini imzoladi. Hujjatlardan biri «tug‘uruq turizmi» deb ataladigan amaliyotni taqiqlaydi. Bu haqda Oq uy xabar berdi.

Farmonlar 6-avgust kuni, Tramp ma’muriyatining «tug‘ilgan joy huquqi» tamoyilini cheklashga qaratilgan avvalgi urinishi muvaffaqiyatsiz tugaganidan sal ko‘proq vaqt o‘tib imzolandi. Mazkur tamoyilga ko‘ra, AQSH hududida tug‘ilgan shaxs avtomatik ravishda mamlakat fuqaroligini oladi.

Birinchi farmon ushbu tamoyildan istisno holatlar ro‘yxatini kengaytiradi. Hujjatga ko‘ra, agar AQSHda tug‘ilgan bolaning ota-onasidan kamida biri terrorchilik tashkiloti a’zosi bo‘lsa, AQSH fuqaroligini firibgarlik yo‘li bilan olishga uringan bo‘lsa yoki AQSH hududida boshqa davlat manfaatlarini rasmiy ravishda ifodalasa, bolaga avtomatik ravishda fuqarolik berilmaydi. Bu toifaga, jumladan, diplomatlar ham kiradi.

Ikkinchi farmon esa «tug‘uruq turizmi»ga qarshi qaratilgan. Bu amaliyotda homilador xorijlik ayollar farzandini AQSHda dunyoga keltirish va bolaning avtomatik ravishda AQSH fuqaroligini olishini ta’minlash maqsadida mamlakatga boradi.

«Bu masala ancha oldin hal qilinishi kerak edi, ammo biz uni hozir hal qilyapmiz», — dedi Tramp farmonlarni imzolash chog‘ida.

Oq uy rahbarining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Stiven Millerning aytishicha, endilikda safardan asosiy maqsad tug‘uruq qilish va bolaga AQSH fuqaroligini olish bo‘lsa, bunday xorijliklarga viza berilmaydi.

«Odamlar bu yerga o‘zini sayyoh sifatida ko‘rsatib keladi. Asl maqsadi esa farzandini shu yerda dunyoga keltirish, unga avtomatik fuqarolik olish va keyin mamlakatni tark etishdir», — dedi u.

Millerning ta’kidlashicha, bunday yo‘l bilan fuqarolik olgan bolalar keyinchalik ijtimoiy nafaqalar, saylov huquqi va AQSH fuqarolariga beriladigan boshqa imtiyozlardan foydalanish imkoniga ega bo‘ladi. Trampning aytishicha, «tug‘uruq turizmi» tufayli AQSHda yuz minglab bolalar dunyoga kelgan. Biroq u bu raqam qaysi davrni qamrab olishini aniqlashtirmadi.

«Hozir ayrim odamlar buni biznesga aylantirgan. Boy kishilar tug‘ilish orqali fuqarolik olish tizimi atrofida biznes qurmoqda. Bunday bo‘lishi kerak emas», — dedi Tramp.

Mazkur farmonlar Trampning tug‘ilish orqali fuqarolik olishni cheklashga qaratilgan ikkinchi urinishi bo‘ldi. U 2025-yilning yanvar oyida ham AQSHda tug‘ilgan ayrim xorijliklar farzandlariga avtomatik fuqarolik berishni cheklashni nazarda tutuvchi farmonni imzolagan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp AQSHning keyingi prezidenti sifatida kimni ko‘rishini aytgandi.

Teglar

Mavzuga oid