
Tramp va Putin uchrashuvi yakunlari: Ukraina bo‘yicha kelishuvga erishilmadi
16.08.2025 | 09:4214744
Alyaskada o‘tgan Tramp–Putin muzokaralarida Ukraina masalasida kelishuvga erishilmadi, ammo taraflar ayrim yo‘nalishlarda yaqinlashishga erishganini ta’kidladi.

AQSH prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin Alyaskadagi yuqori darajadagi muzokaralardan keyin Ukraina bo‘yicha kelishuvga kela olmaganini e’lon qildi. Tramp jurnalistlarga bergan bayonotida uchrashuvni «juda samarali» deb baholagan bo‘lsa-da, ayrim masalalarda kelishuv yuz bermaganini ta’kidladi.
«Biz ko‘p yo‘nalishlarda kelishdik. Biroq bir nechta muhim nuqtalarda umumiy fikrga kela olmadik. Lekin kelishuvga erishish imkoniyatlari hali ham yuqori», — dedi Tramp. Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqin kunlarda u NATO va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan muzokaralarni davom ettirib, uchrashuv natijalari haqida ma’lumot berishi rejalashtirilgan.
Oq uy xabariga ko‘ra, Rossiya va AQSH delegatsiyalari o‘rtasidagi qo‘shma tushlik bekor qilingan, shuningdek kengaytirilgan tarkibdagi uchrashuv ham o‘tkazilmagan. Muzokaralar oldindan belgilangan 6–7 soat emas, balki taxminan uch yarim soat davom etgan. Rossiya tomonidan muzokaralarda tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va prezident yordamchisi Yuriy Ushakov ishtirok etgan. AQSH delegatsiyasida esa Davlat departamenti rahbari Marko Rubio va prezidentning maxsus vakili Stiven Uitkoff qatnashdi.
Matbuot anjumani yakunida Tramp Putin bilan «yaxshi munosabatlar» saqlanayotganini qayd etdi va yaqin vaqtda yana uchrashish ehtimolini bildirdi. Putin navbatdagi sammitni Moskvada o‘tkazishni taklif etdi. «Bu qiziq g‘oya. Men uchun oson bo‘lmasa-da, bu amalga oshishi mumkinligini tasavvur qilish mumkin», — deya javob qaytardi Tramp.
Uchrashuv yakunlari shu tariqa Ukraina masalasida hal qiluvchi kelishuvsiz tugadi, biroq taraflar muzokaralar davom etishidan umidvorligini bildirishdi.
 





