
Tramp Zelenskiyning tinchlik rejasi bilan tanishmaganidan norozi bo‘ldi
Tramp Ukraina rahbari AQSH ishlab chiqqan tinchlik rejasi bilan tanishmaganidan hafsalasi pir bo‘lganini aytdi.

AQSH prezidenti Donald Tramp Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning Vashington tomonidan ishlab chiqilgan tinchlik taklifi bilan hali tanishib chiqmagani haqidagi xabar uning hafsalasini pir qilganini bildirdi. Tramp bu fikrlarni Jon Kennedi nomidagi sahna san’ati markazida bo‘lib o‘tgan tadbirda bayon qildi.
«Biz prezident Putin bilan ham, Ukraina rahbarlari, jumladan, Zelenskiy bilan ham suhbatlashdik. Aytishim kerakki, prezident Zelenskiyning hali tinchlik taklifini o‘qimaganini eshitib, biroz xafa bo‘ldim. Buni bir necha soat oldin bildim. Zelenskiyning atrofidagilarga rejamiz yoqqan, ammo unga yoqmagandek. Rossiyaga imkon bo‘lsa, butun Ukrainani egallagan bo‘lardi. Ammo, menimcha, Rossiya tinchlik rejasidan qoniqadi. Lekin Zelenskiy bunga rozi bo‘ladimi-yo‘qmi — bunga unchalik ishonmayman», degan Tramp.
2-dekabr kuni AQSH prezidentning maxsus elchisi Stiv Uitkoff va Trampning kuyovi Jared Kushner Moskvada Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan taxminan besh soat davom etgan muzokara o‘tkazgani ma’lum qilingan edi.
Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovning aytishicha, muloqot chog‘ida Amerika tomoni taklif qilgan tinchlik rejasi va unga bog‘liq yana to‘rtta qo‘shimcha hujjat muhokama qilingan. G‘arb OAV ma’lumotlariga ko‘ra, muzokaralardagi eng qiyin masala Ukrainaning Donbassdagi o‘z nazoratida bo‘lgan hududni Rossiya tasarrufiga o‘tkazishdan bosh tortishi bo‘lgan.





