add

«UzAuto Motors» yangi «Damas» va «Cobalt» modellarini ishlab chiqarishni boshlaydi

13.10.2025 | 11:008184

«UzAuto Motors» «Damas» va «Cobalt» avtomobillarining yangilangan versiyalarini taqdim etdi. Yangi modellar sig‘im, qulaylik va zamonaviy texnologiyalar jihatidan tubdan yangilangan bo‘lishi aytilmoqda.

«UzAuto Motors» yangi «Damas» va «Cobalt» modellarini ishlab chiqarishni boshlaydi
«UzAuto Motors» kompaniyasi «Damas» va «Cobalt» modellarining yangi avlodini ishlab chiqarishni boshlaganini ma’lum qildi. Yangi seriyalar joriy modellar bilan bir vaqtda ishlab chiqariladi va xaridorlarga tanlov imkonini kengaytiradi. Ma’lumotlarga ko‘ra, «Damas» miniveni ikki yangi versiyada — yo‘lovchilar uchun «Damas Move» va yuk-yo‘lovchilar uchun «Damas Max» sifatida ishlab chiqariladi. Yangi «Damas» oldingi modelga nisbatan kattaroq o‘lchamga, yuqori sig‘im va yuk ko‘tarish qobiliyatiga ega bo‘ladi. Haydovchi hamda yo‘lovchilar uchun qulaylik darajasi ham oshirilgan. «UzAuto Motors» qayd etishicha, bu yangilanish xaridorlarga klassik «Damas» modeli bilan birga texnologik jihatdan ilgarilagan yangi versiyani tanlash imkonini beradi. Yangi model ayni vaqtdagi «Damas» bilan birga ishlab chiqariladi. «Cobalt» uchun ham modernizatsiya jarayoni amalga oshirilib, ikki yangi versiya — «Cobalt Style MCM» va «Cobalt Midnight MCM» taqdim etiladi. Ularda ilgari mavjud bo‘lmagan 12 ta yangi funksiya joriy qilingan. Avtomobil dvigateli yangilangan, ABS tizimi takomillashtirilgan va boshqaruv bloki zamonaviy tizimga almashtirilgan. Shuningdek, yangi «Cobalt» modellari Android Auto va Apple CarPlay qo‘llab-quvvatlovchi sensorli multimedia tizimi, kruiz-kontrol, eko-charmdan tayyorlangan isitiladigan o‘rindiqlar, yangi asboblar paneli va rul tugmalari bilan jihozlanadi. Kompaniya ma’lumoticha, jami 50 dan ziyod asosiy komponentlar yangilangan. «UzAuto Motors» vakillari ta’kidlashicha, keyingi bosqichda «Cobalt»ning tashqi ko‘rinishida feyslift yangilanishi ham rejalashtirilgan. Yangi modellarning narxlari va sotuv boshlanishi haqidagi ma’lumotlar keyinroq e’lon qilinadi. Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vaqt.uz yangilangan «Cobalt 2025»da qanday o‘zgarishlar bo‘lgani haqida yozgan edi.

Teglar

Mavzuga oid

«UzAuto Motors» yangi «Damas» va «Cobalt» modellarini ishlab chiqarishni boshlaydi | Vaqt.uz