
Xorijdan olib kelinadigan «ko‘z shox pardasi» bioprotezlarini qo‘llash tartibi belgilandi
Adliya vazirligi ro‘yxatdan o‘tkazgan nizomga ko‘ra, xorijdan olib kelingan bioprotezlar 12 soat ichida davlat tibbiyot muassasalariga yetkazilishi shart.

24-noyabrda Adliya vazirligi xorijdan olib kelinadigan «ko‘z shox pardasi» bioprotezlarini tibbiyot muassasalarida qo‘llash tartibini belgilash bo‘yicha nizomni ro‘yxatdan o‘tkazdi.
Unga ko‘ra, transplantatsiya amaliyotida foydalaniladigan «ko‘z shox pardasi» bioprotezlari faqat Vazirlar Mahkamasining 333-son qarorida ko‘rsatilgan davlat tibbiyot muassasalarida qo‘llanadi.
Ushbu bioprotezlarini tashishda davlat tibbiyot muassasasining 1 nafar tibbiyot xodimi mas’ul hisoblanadi. Xorijdan olib kelingan bioprotezlar 12 soat ichida davlat tibbiyot muassasalariga yetkazilishi shart.
Bioprotezlarni tashish faqat maxsus sovitish uskunalarida (konteynerlarda) belgilangan haroratda amalga oshiriladi.
Nizomga muvofiq, bioprotezlar davlat tibbiyot muassasalaridagi maxsus muzlatkichlarda 14 kundan oshmagan muddatda saqlanadi.
Ma’lumot uchun, ko‘z shox pardasi — ko‘zning old tomonidagi shaffof to‘qima bo‘lib, ko‘rish sifati bevosita shu qismga bog‘liq. U shikastlansa, odam ko‘rishi keskin pasayadi yoki umuman yo‘qolishi mumkin. Shox parda bioprotezi — shikastlangan shox pardani sun’iy yoki biologik materiallar bilan almashtirish uchun ishlatiladigan maxsus implant. U ko‘rishni tiklash, to‘qimaning shakli va shaffofligini saqlash hamda ko‘zni himoya qilish kabi vazifalarni bajaradi.





