
Yagona QR kod orqali to‘lov qabul qilish majburiy bo‘ladi
2026 yildan boshlab barcha savdo va xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar elektron to‘lovlarni yagona QR tizimi orqali qabul qilishga o‘tadi.

O‘zbekistonda elektron to‘lovlar infratuzilmasini yangilash va yagona standartni joriy etish maqsadida 2026 yil 1-yanvarga qadar barcha savdo va xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar uchun yagona QR kod joriy etiladi. Prezident farmoniga ko‘ra, ushbu kod banklar tomonidan generatsiya qilinadi va elektron to‘lovlarni qabul qilishning yagona usuli sifatida ishlaydi.
2026 yil 1-yanvardan boshlab barcha yuridik shaxslar savdo va xizmat ko‘rsatish jarayonlarida aynan shu QR kod orqali to‘lovlarni qabul qilishni yo‘lga qo‘yishi lozim. Bu to‘lov amaliyotlarini soddalashtirish, shaffofligini ta’minlash va naqd pulsiz hisob-kitoblarni kengaytirishga qaratilgan navbatdagi qadam sifatida qayd etilmoqda.
2026 yil 1-iyuldan esa yagona QR kod orqali to‘lov qabul qilish majburiy talabga aylanadi. Tizimdan foydalanmaslik savdo qoidalarini buzish sifatida baholanadi va tegishli choralar qo‘llaniladi. Bu talab barcha sohada yagona to‘lov madaniyatini shakllantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, farmonda tashqi savdo amaliyotlariga oid yangi tartib ham belgilandi. 2026 yil 1-yanvardan bir xil turdagi tovarlar bo‘yicha bir tashqi savdo shartnomasi doirasida moslik va ekologik sertifikat 1 yildan oshmagan muddatga 1-marta beriladi. Bu tadbirkorlar uchun sertifikatlash jarayonlarini tejamkor va sodda qilishga qaratilgan.
Qo‘shimcha ravishda, 2026 yil 1-martdan soliq deklaratsiyasini topshirishning tajriba-sinov tartibi yo‘lga qo‘yiladi. Unga ko‘ra, soliq organlari xodimlari hamda Navoiy va Chirchiq shaharlarida ro‘yxatdan o‘tgan jismoniy shaxslar yillik daromadlari to‘g‘risida deklaratsiya taqdim etadi. Loyiha aholining soliq madaniyatini oshirish va raqamli soliq hisobotini sinovdan o‘tkazishga qaratilgan.
O‘zbekistonda dekabr oyidan naqd pulsiz hisob-kitoblar uchun turli to‘lov ilovalari tomonidan qo‘llanadigan alohida QR kodlar o‘rniga universal QR kodli to‘lov tizim sinovdan o‘tkazilmoqda.





