add

Yangi Toshkent xalqaro aeroporti qurilishida uylar buziladi

30.10.2025 | 08:006982

O‘rta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlari chegarasida barpo etilayotgan va «Yangi O‘zbekistonning oltin ostonasi» deb  atalayotgan yangi xalqaro aeroport qurilishida ayrim uylar buzilishi ma’lum qilindi.

Yangi Toshkent xalqaro aeroporti qurilishida uylar buziladi

Joriy yilning 20 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonning eng yirik transport infratuzilma loyihalaridan biri — yangi Toshkent xalqaro aeroporti qurilishiga rasman start berildi. Loyiha O‘rta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlarining tutash hududida amalga oshirilmoqda.

«Aeroport qurilishi bilan bog‘liq tashkiliy ishlar doirasida O‘rta Chirchiq tuman hokimi Ilhom Qosimov Xalqobod mahallalari aholisi va fermer xo‘jaliklari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Suhbat chog‘ida qurilish uchun ajratilgan yerlardagi buziladigan xonadonlar va inshootlar uchun belgilangan kompensatsiya tartiblari atroflicha tushuntirildi», deyiladi tuman hokimligi axborot xizmati xabarida.

Ma’lum qilinishicha, yangi aeroport qurilishi uchun tumanning Xalqobod va Yangiyo‘l mahallalari hududidan yer ajratildi. Bu esa kelgusida mahalliy iqtisod va infratuzilmaning rivojiga katta turtki berishi ta’kidlanmoqda.

Hokimlik va mutasaddi idoralar vakillari tomonidan fuqarolarning savollariga javob berildi. Ularga kompensatsiyalarning qonuniy tartibda, odilona baholanish asosida to‘lab berilishi kafolatlandi.

Hokimlik axborot xizmati xabariga ko‘ra, tuman aholisi yangi aeroportni yurt taraqqiyotining muhim bosqichi sifatida qabul qilmoqda. Loyiha nafaqat transport salohiyatini oshiradi, balki ish o‘rinlari yaratish, xizmat ko‘rsatish sohasini kengaytirish va investitsiya oqimini kuchaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Avvalroq rejalashtirilgan qiymati 3,31 mlrd dollarni tashkil etadigan yangi Toshkent xalqaro aeroporti 2029 yilda ishga tushirilishi va loyiha Saudiyaning Vision Invest kompaniyasi rahbarligida amalga oshirilishi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid

Yangi Toshkent xalqaro aeroporti qurilishida uylar buziladi | Vaqt.uz