
Yevropa Ittifoqi jazolagan Rustam Mo‘minov, iqtisodiyotdagi xushxabar va ishga tushgan «Shovot–Toshhovuz» — 17-noyabr dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Mirziyoyev paxtachilikni rivojlantiradigan yangi takliflarni ma’qulladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev paxtachilik samaradorligini oshirish bo‘yicha taqdim etilgan yangi takliflarni ma’qulladi. Unga ko‘ra, Agrar universitet va sohaviy oliygohlarda bitiruvchilar uchun ikki yillik «dual ta’lim» joriy etilib, talabalar ilg‘or klaster va fermer xo‘jaliklarida amaliy o‘quvdan o‘tadi. Past hosildorlikka ega xo‘jaliklarga yuqori natija ko‘rsatgan fermerlar ustoz sifatida biriktirilib, natija yaxshilansa 5 mln so‘m mukofot oladi. Prezident mahalliy paxta navlarini tezroq yaratish uchun fitotron va issiqxonalar qurilishi hamda agrodronlar, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalardan foydalanishni kengaytirishni qo‘llab-quvvatladi.
Takliflar qatorida 2026 yildan paxta, g‘alla, mevalar va dukkakli ekinlar uchun ixtiyoriy sug‘urta tizimini joriy etish, sug‘urta mukofotining yarmini davlat qoplashi, hamda 75 turdagi subsidiyalarni yagona platformadan ajratib boradigan Agrar to‘lov agentligini tashkil etish ham bor. Genomika markazi va Paxtachilik institutidagi yangi infratuzilmalar nav yaratish muddatini 2,5 barobar qisqartirib, import urug‘iga ehtiyojni tugatishi kutilmoqda. Prezident mazkur chora-tadbirlarni ma’qullab, mutasaddilarga amaliy vazifalar yuklatdi.
O‘zbekiston iqtisodiyotining haqiqiy hajmi ochiqlandi: YAIM 121,4 mlrd dollar
Toshkentda o‘tgan xalqaro konferensiyada O‘zbekiston YAIMi qayta hisoblab chiqildi va mamlakat iqtisodiyotining haqiqiy ko‘lami avvalgi hisob-kitoblarga nisbatan yuqoriroq ekani ma’lum qilindi. Milliy statistika qo‘mitasi raisi Behzod Hamrayevning aytishicha, 2024 yil uchun nominal YAIM 1 454,6 trln so‘mdan 1 535,4 trln so‘mgacha oshgan — bu 80,9 trln so‘m yoki 5,6 foizlik qo‘shimcha o‘sish demak. Dollardagi hisobda esa YAIM 115 mlrd dollardan 121,4 mlrd dollarga ko‘tarilgan. Aholi jon boshiga YAIM 41,3 mln so‘mni tashkil etgan. Umumiy o‘sishning asosiy sabablaridan biri — budjet qamrovining to‘liqlashtirilishi va natijada 36,4 trln so‘mlik ilgari qayd etilmagan qo‘shilgan qiymatning hisobga olinganidir.
Qayta baholash tarmoqlar kesimida ham qo‘shimcha qiymatni ochdi: sanoatda +12,7 trln so‘m, xizmatlarda +16,3 trln, qurilishada +10,3 trln va qishloq xo‘jaligida +5,6 trln so‘m. Mutasaddilarga ko‘ra, YAIMning qayta hisoblanishi fuqarolarning kundalik xarajatlariga darhol ta’sir qilmaydi, ammo xalqaro reytinglar, investorlar ishonchi va iqtisodiy siyosat samaradorligini oshiradi. Rejalarga ko‘ra, O‘zbekiston YAIMi 2030 yilga borib 200 mlrd dollarga, jon boshiga YAIM esa 5000 dollarga yetkazilishi maqsad qilingan.
Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz yagona geosiyosiy va geoiqtisodiy mintaqaga aylandi — Abdulaziz Komilov
Abdulaziz Komilovning ta’kidlashicha, Ozarbayjonning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvi formatiga rasman qo‘shilishi mintaqa geosiyosiy manzarasini tubdan o‘zgartirdi va Markaziy Osiyo hamda Janubiy Kavkazni yagona geosiyosiy-geoiqtisodiy makonga aylantirdi. Uning fikriga ko‘ra, sammit arafasida prezident Shavkat Mirziyoyevning maqolasi ishtirokchilar uchun ijobiy muhit yaratib, kun tartibini belgilashda asosiy o‘rin tutdi. Kamilov BMT bosh kotibining tabrik maktubida Markaziy Osiyo jarayoni boshqa mintaqalar uchun muvaffaqiyatli hamkorlik modeli sifatida e’tirof etilganini ham qayd etdi.
Komilov ta’kidlaganidek, Ilhom Aliyevning nutqida Ozarbayjonning qo‘shilishi ikki mintaqa o‘rtasidagi bog‘liqlikni kuchaytirib, xavfsizlik va barqarorlikka xizmat qilishi alohida urg‘u bilan aytib o‘tildi. Prezidentlar nutqlaridagi yondashuvlar yanada uyg‘unlashib, Markaziy Osiyoning xalqaro maydonda yagona ovoz sifatida shakllanayotgani ko‘zga tashlanmoqda. Komilov integratsiya jarayoni bu bosqichga kelganida prezident Shavkat Mirziyoyevning roli hal qiluvchi bo‘lganini ta’kidlab, «Mintaqada chin ma’nodagi siyosiy-iqtisodiy revolyutsiya sodir bo‘ldi», deya xulosa qildi.
Yevropa Ittifoqi o‘zbekistonlik tadbirkorni jazoladi
Yevropa Ittifoqi o‘zbekistonlik tadbirkor Rustam Mo‘minovni 19-sanksiyalar paketiga kiritdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mo‘minov bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston, Rossiya va Buyuk Britaniya fuqaroligiga ega bo‘lib, uning nazoratidagi Farg‘ona kimyo zavodi paxta sellyulozasi ishlab chiqaradi. YI bayonotiga ko‘ra, zavod mahsulotining bir qismi Rossiyaning Perm va Qozon shahridagi qurol ishlab chiqarish korxonalariga yetkazilgan va harbiy qurol-yarog‘ tayyorlashda qo‘llangan. Korxona yillik 30 ming tonna quvvatga ega bo‘lib, mahsulotning 90 foizi eksportga yo‘naltiriladi.
Orginfo manbasiga ko‘ra, 2023 yilda zavod Mercury Renaissance kompaniyasiga tegishli bo‘lib, Mo‘minov 60 foiz, sherigi Shaxriyor Tojiyev esa 40 foiz ulushni nazorat qilgan. 2025 yil bahorida Ukraina ham ushbu kompaniyalarni — Mercury Renaissance, Farg‘ona kimyo zavodi va Raw Materials Cellulose’ni sanksiya ro‘yxatiga kiritgan, shuningdek, Mo‘minovning o‘ziga nisbatan shaxsiy cheklovlar joriy etgan.
O‘zbekiston va Turkmaniston prezidentlari chegaraoldi savdo zonasini ishga tushirdi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov «Shovot–Toshhovuz» qo‘shma chegaraoldi savdo zonasini rasman ishga tushirdi. Yangi zonada direksiya, bojxona, karantin, fitosanitariya va veterinariya xizmati binolari, savdo paviloni, omborlar, bank va tibbiyot xizmatlari, mehmonxona hamda katta avtoturargohdan iborat infratuzilma barpo etilgan. Barcha davlat xizmatlari «yagona darcha» asosida ko‘rsatiladi.
Mazkur savdo maydoni Xorazm viloyati va Turkmanistonning Toshhovuz viloyati o‘rtasida, umumiy 3,5 million aholiga ega hududlarda savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Zonaning ishga tushirilishi ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim qadam sifatida baholanmoqda.





