Yosh oilalarga uy-joy olishda ipoteka imtiyozi beriladi

24.02.2026 | 14:512 daqiqa

Yosh oilalarga beriladigan uy-joy ipoteka krediti bo‘yicha 14 foizdan yuqori stavkani budjet hisobidan qoplash rejalashtirilmoqda.

Yosh oilalarga uy-joy olishda ipoteka imtiyozi beriladi

Har yili mamlakatda qariyb 270 ming yangi oila tashkil topayotgani sharoitida yoshlarni uy-joy bilan ta’minlash ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlarga bag‘ishlangan muloqoti davomida ma’lum qilindi.

«Yosh oilalar uchun eng avvalo nima kerak? Albatta, qulay va shinam uy-joy zarur. Shuni hisobga olib, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida uy-joy ipoteka dasturi doirasida kredit stavkasini 14 foizdan oshgan qismi budjetdan qoplab beriladi», dedi Prezident.

«Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish» jamg‘armasi tashkil etiladi

Yoshlar siyosati doirasida axborot xurujlari kuchayib borayotgan bugungi sharoitda kitobxonlikni rag‘batlantirish muhim masala sifatida qayd etildi. Shu maqsadda «Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish» jamg‘armasi tashkil etilgan bo‘lib, u orqali eng iste’dodli yozuvchilarga ijodiy buyurtmalar beriladi. Tanlangan mualliflarga bir yil davomida har oy 20 million so‘m miqdorida haq to‘lanadi.

Shuningdek, eng sara xorijiy adabiyotlarni o‘zbek tiliga, milliy asarlarni esa xorijiy tillarga tarjima qilish va nashr etish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplab beriladi. Bu milliy adabiyotni xalqaro maydonga olib chiqish va kitob bozorini kengaytirishga xizmat qiladi.

Yangi o‘quv yiliga qadar eng yaxshi 100 ta asardan iborat kitoblar to‘plamini tayyorlab, barcha maktab va texnikumlarga yetkazish vazifasi yuklatildi. Eng faol kitobxon o‘quvchilar 10 million so‘mlik mukofot bilan taqdirlanadi.

Bundan tashqari, kutubxona, «book cafe» va kitob do‘konlari ochib, oylik savdoni 10 ming donadan oshirgan tadbirkorlarga uch yilgacha 1 milliard so‘mgacha 7 foizli ssuda ajratiladi.

Teglar

Mavzuga oid