Logo

1-iyuldan Fransiya vizasi uchun hujjat topshirish tartibi o‘zgaradi

Toshkentdagi TLScontact viza markazida Fransiyaga 90 kungacha bo‘lgan turistik safarlar uchun hujjat qabul qilishning yangi mexanizmi joriy etiladi. Endi qabul sanasi tizim tomonidan avtomatik belgilanadi.

1-iyuldan Fransiya vizasi uchun hujjat topshirish tartibi o‘zgaradi © Shutterstock

Toshkentdagi TLScontact viza markazi 1-iyuldan Fransiyaga 90 kungacha bo‘lgan turistik safarlar uchun viza rasmiylashtirish tartibini o‘zgartiradi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati ma’lum qildi.

Yangi tartibga ko‘ra, ariza beruvchilar endi viza markaziga tashrif sanasini mustaqil tanlay olmaydi. Tizim bo‘sh vaqtlarni hisobga olgan holda qabul vaqtini avtomatik ravishda belgilaydi.

Qayd etilishicha, mazkur o‘zgarishlar faqat turistik vizalarga taalluqli bo‘lib, boshqa toifadagi vizalarni rasmiylashtirish tartibi o‘zgarishsiz qoladi.

Hujjat topshirish uchun fuqarolar TLScontact'ning rasmiy portalida shaxsiy profil yaratib, anketani to‘ldirishi kerak bo‘ladi. Ma’lumotlar tekshirilgandan so‘ng ariza elektron navbatga qo‘yiladi.

Keyinchalik ariza beruvchiga elektron pochta orqali qabul sanasi va vaqti yuboriladi. Shu vaqtdan boshlab xizmat haqini to‘lash va bronni tasdiqlash uchun 24 soat muddat beriladi.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, yangi mexanizm hujjat topshirish jarayonida vositachilar tomonidan amalga oshiriladigan firibgarlik holatlarining oldini olish hamda barcha murojaatchilar uchun teng imkoniyat yaratishga qaratilgan.

Eslatib o‘tish joiz, yangi tartib joriy etilishidan avval ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilar TLScontact orqali bo‘sh qabul vaqtlarini topish qiyinligi yuzasidan bir necha bor shikoyat qilgan edi.

Теглар

Мавзуга оид