1,5 gektar yer uchun 750 ming dollar so‘ragan shaxs qo‘lga tushdi

Бугун 10:251 дақиқа

Toshkent viloyatida davlat zaxirasidagi yerni rasmiylashtirib berishni va’da qilgan shaxs 20 ming dollar olayotganida ushlandi.

1,5 gektar yer uchun 750 ming dollar so‘ragan shaxs qo‘lga tushdi © DXX matbuot xizmati

Toshkent viloyatida yer maydonini noqonuniy tarzda rasmiylashtirish bilan bog‘liq korrupsion holat aniqlandi. Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaroning katta miqdorda pul talab qilgani fosh etildi.

Ma’lum qilinishicha, 1979 yilda tug‘ilgan Toshkent shahri yashovchisi tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan fuqaroning ishonchiga kirgan. Gumonlanuvchi Yangiyo‘l tumanida joylashgan 1,5 gektar yer maydonini arxitektura va kadastr tizimida ishlovchi mansabdor tanishlari orqali rasmiylashtirib berishni va’da qilgan.

Bu xizmat evaziga u fuqarodan 750 ming AQSH dollari talab qilgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar mazkur murojaat yuzasidan tezkor choralar ko‘rib, gumonlanuvchining harakatlarini nazoratga olgan.

Tezkor tadbir

O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qonunbuzar talab qilingan mablag‘ning bir qismi sifatida oldindan 20 ming AQSH dollarini qabul qilib olayotgan vaqtda qo‘lga olindi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar holatning barcha tafsilotlarini o‘rganib, unga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan shaxslarni ham tekshirmoqda.

Avvalroq Toshkent viloyatining Parkent tumanida mahalla raisi va yana ikki shaxs davlat zaxirasidagi yer maydonini 20 ming dollarga sotishga uringanida qo‘lga olingan edi.

Теглар

Мавзуга оид