Logo

200 mlrd so‘mlik zarar, OAVga cheklov, 30 sudlanuvchi — Bekmurod Abdullayev sudi

Бугун 14:543 дақиқа

Ogohlantirishsiz Yunosobod tuman sudi binosiga ko‘chirilgan ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari va boshqalarga oid yettinchi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Sud avvalida OAV faoliyatiga taqiq qo‘yilib, sud yopiq tarzda ko‘rilishi belgilandi.

200 mlrd so‘mlik zarar, OAVga cheklov, 30 sudlanuvchi — Bekmurod Abdullayev sudi

Ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Bekmurod Abdullayevga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqilishi davom etmoqda. JIB Yunusobod tuman sudi binosida ko‘rilayotgan ishda vazirning sobiq o‘rinbosaridan tashqari Jazoni ijro etish departamenti sobiq boshlig‘i Rustam Tursunov bilan birga yana 28 kishi sudlanmoqda.
 
E’tiborlisi, Yangihayot tuman sudi binosiga belgilangan Bekmurod Abdullayev va boshqalarga oid sud ogohlantirishsiz Yunusobod tuman sudi binosiga ko‘chirilgan. Bunga sabab qilib sud zali kattaligi keltirilgan.
 
Bekmurod Abdullayev Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 2-qismi «a» va «b» bandlari va 167-modda 3-qismi «a», «b», «v», «g» bandlari bilan ayblanmoqda. Jazoni ijro etish departamenti sobiq boshlig‘i Rustam Tursunov esa Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi «a», «b» bandlari, 167-modda 3-qismi «a», «v» bandlari hamda 205-modda 2-qismi «a», «b» bandlari bilan ayblanmoqda. Sudlanuvchilar jami 30 nafar bo‘lib, ulardan 17 nafariga nisbatan qamoq, qolganlariga turli ehtiyot choralari qo‘llangan.
 
Sudya yordamchisiga ko‘ra, 29-iyul kuni yettinchi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Sud avvalida OAV vakillari ishtirokiga advokatlar qarshilik bildirdi. Advokatlardan biri sud jarayonida davlat siri bilan bog‘liq ma’lumotlar borligini aytib, suddan OAV faoliyatiga ruxsat bermaslikni so‘radi. Sudya Sanjar Maxametov taraflarni tinglab, sud yopiq tarzda ko‘rilishi haqida ajrim chiqarib, jurnalistlar ishtirok etishi mumkin emasligini bildirdi.
 
Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil 27-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda IIV tizimida davlat xaridlari davomida 186 mlrd so‘m budjet mablag‘larining o‘zlashtirilgani aniqlangani hamda bu ish doirasida ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev va Jazoni ijro etish departamenti sobiq boshlig‘i Rustam Tursunovga qarshi jinoyat ish qo‘zg‘atilganini aytgandi.
 
Aprel oyida Bekmurod Abdullayev ozodlikka chiqqani ma’lum qilindi. Aniqlanishicha, u yetkazilgan 200 mlrd so‘mdan ortiq zararni naqd pul shaklida to‘lab berganidan so‘ng, unga qo‘llangan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi garovga o‘zgartirilgan.

Bekmurod Abdullayev va Rustam Tursunov kim edi?

2025-yilning noyabr oyi boshida O‘zbekiston prezidentining qarori bilan Bekmurod Tojimirzayevich Abdullayev O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining o‘rinbosari — Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i lavozimidan, prezident farmoyishi bilan Rustam Rahmonovich Tursunov Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti boshlig‘i lavozimidan ozod etilgan edi.

Bekmurod Abdullayev 2021-yilning aprel oyida prezidentning tegishli qaroriga asosan ichki ishlar vazirining o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i lavozimiga tayinlangan edi. Ungacha u O‘zbekiston Milliy gvardiyasi qo‘mondonining jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

2025-yilning noyabr oyi boshida prezidentning qarori bilan Bekmurod Tojimirzayevich Abdullayev ichki ishlar vazirining o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i lavozimidan ozod etilgan.

Rustam Tursunov esa Navoiy viloyati IIB boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan va 2021-yilning fevral oyida IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan edi. U ham o‘tgan yil noyabr oyida prezident farmoyishi bilan Jazoni ijro etish departamenti boshlig‘i lavozimidan ozod etilgandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 90 mln dollar zarar keltirgan «Koreya ishi»ning bir qismi bo‘yicha sud 29-iyulda boshlanishi haqida yozgan edik.

Теглар

Мавзуга оид