2026 yildan chiqindi uchun to‘lovlar faqat amalda ko‘rsatilgan xizmatga qarab hisoblanadi

22.02.2026 | 12:202 дақиқа

2026 yil 1-yanvardan boshlab qattiq maishiy chiqindilarni olib ketish xizmati uchun haq to‘lashning yangi tartibi joriy etilgan. Unga ko‘ra, sanitar tozalash sohasida iste’molchilardan faqatgina ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lov hisoblanadi va to‘lovlar onlayn tizimlar orqali amalga oshiriladi.

2026 yildan chiqindi uchun to‘lovlar faqat amalda ko‘rsatilgan xizmatga qarab hisoblanadi

2026 yil 1-yanvardan boshlab qattiq maishiy chiqindilarni olib ketish xizmatlari uchun haq to‘lashning yangi tartibi joriy etiladi. Unga ko‘ra, iste’molchilardan faqat amalda ko‘rsatilgan xizmat uchun to‘lov undiriladi, barcha hisob-kitoblar esa onlayn tizim orqali amalga oshiriladi.

Yangi mexanizmning asosiy maqsadi — shaffoflikni oshirish va noqonuniy to‘lovlarni bartaraf etish. Endi aholi to‘lovni istalgan joy va vaqtda amalga oshirishi, bangga bormasdan hisob-kitobni nazorat qilishi va cheklarni elektron shaklda yuklab olishi mumkin. Bu orqali mablag‘larni yashirish va asossiz qarzdorliklarni shakllantirish holatlarining oldi olinadi.

To‘lovlar bevosita sanitariya korxonalariga emas, balki davlat nazoratidagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining maxsus hisob raqamiga yo‘naltiriladi. Keyinchalik operatorlarga haq mahallalardan olib chiqilgan chiqindi hajmi — tonnasi va maxsus texnikaning bosib o‘tgan kilometri asosida to‘lanadi. Ya’ni mablag‘ faqat real xizmat uchun ajratiladi.

Har oy sanitariya korxonalari faoliyati baholanib, ular «qizil», «sariq» va «yashil» toifalarga ajratiladi. Sifatsiz xizmat ko‘rsatgan korxonalar jarimaga tortiladi yoki shartnomasi bekor qilinadi. Hozirga qadar 14 ta korxona «qizil» toifaga tushgan, ikkitasi bilan shartnoma bekor qilingan. Shuningdek, amalda ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun hisoblangan 11,9 milliard so‘mlik noreal debitor qarzdorlik elektron tizimdan chiqarilgan.

«Toza makon» yagona elektron billing tizimiga 9 430 ta mahalla va 7,1 million abonent kiritilgan. Elektron xaritada 3 606 ta chiqindi yig‘ish joyi ro‘yxatga olingan. 3 230 ta maxsus texnika, ya’ni parkning 94 foizi GPS orqali kuzatilmoqda. 2030 yilga qadar kuzatuv tizimini to‘liq qamrovga yetkazish rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq chiqindi xizmatidan qarzdor 199 mingta abonentning elektr to‘loviga cheklov o‘rnatilganligi haqida xabar berilgan edi.

Теглар

Мавзуга оид