Logo

2030-yildan shifokor va farmatsevtlar davlat ro‘yxatidan o‘tishi shart bo‘ladi

Бугун 12:152 дақиқа

Davlat ro‘yxatidan o‘tmagan shaxsning tegishli mutaxassislik bo‘yicha tibbiy yoki farmatsevtika kasbiy faoliyati bilan shug‘ullanishi taqiqlanadi.

2030-yildan shifokor va farmatsevtlar davlat ro‘yxatidan o‘tishi shart bo‘ladi © Ijtimoiy tarmoqlar

Hukumatning 2026-yil 19-oktabrdagi 577-son qarori bilan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Qarorga muvofiq, 2030-yil 1-yanvardan boshlab tibbiyot va farmatsevtika faoliyati bilan faqat muayyan mutaxassislik bo‘yicha davlat ro‘yxatidan o‘tgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin. Ro‘yxatdan o‘tish huquqi besh yil muddatga beriladi.

Davlat ro‘yxatidan o‘tmagan shaxsning tegishli mutaxassislik bo‘yicha kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanishi taqiqlanadi. Ushbu tartib tibbiyot va farmatsevtika sohasida mutaxassislarning kasbiy malakasini baholash hamda ular haqidagi ma’lumotlarni yagona elektron reyestrda yuritishni nazarda tutadi.

Vakolatli organ etib Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazi belgilangan. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayoni maxsus imtihon natijalari yoki malaka toifasini berish jarayoni orqali amalga oshiriladi.

Ro‘yxatdan o‘tish tartibi

2027-yil 1-iyuldan 2030-yil 1-yanvargacha xodimlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ixtiyoriy bo‘ladi. Bu davrda mutaxassislar maxsus imtihon natijalariga ko‘ra yoki malaka toifasini olish jarayonida avtomatik ravishda ro‘yxatdan o‘tkazilishi mumkin.

Mutaxassisligi bo‘yicha kamida 20 yil ish staji va ilmiy darajaga ega xodimlar maxsus imtihonsiz ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Biroq murojaat sanasiga qadar mutaxassisligi bo‘yicha uch yil yoki undan ortiq vaqt uzluksiz kasbiy faoliyat yuritmaganlar bundan mustasno.

Arizalar Davlat xizmatlari markazlari, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki Tibbiy malaka platformasi orqali yuboriladi. Elektron murojaatlarni dam olish va bayram kunlaridan qat’i nazar, sutka davomida taqdim etish mumkin.

Guvohnoma besh yil amal qiladi

Vakolatli organ so‘rovnomani besh ish kuni ichida ko‘rib chiqib, talabgorni maxsus imtihonga qo‘yish yoki qo‘ymaslik to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Davlat ro‘yxatidan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnoma elektron shaklda rasmiylashtiriladi. Uning qog‘ozdagi asl nusxasi yoki dublikati berilmaydi. Ma’lumotlarni Tibbiyot va farmatsevtika mutaxassislarining yagona elektron reyestri orqali tekshirish mumkin.

Ro‘yxatdan o‘tgan xodimlar kasbiy faoliyatini davom ettirish uchun har besh yilda qayta davlat ro‘yxatidan o‘tishi kerak. Qaror rasmiy e’lon qilingan kundan uch oy o‘tgach kuchga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vaqt.uz mahalliy dori bozoridagi o‘sish omillari va narxlarga ta’sir qilayotgan sabablarni o‘rgangan edi.

Теглар

Мавзуга оид