Logo

30 yildan oshgan avtomobillar uchun har yillik ekologik to‘lov joriy etilishi mumkin

O‘zbekistonda ishlab chiqarilganiga 30 yildan oshgan avtomobillar egalari uchun har yillik ekologik kompensatsiya to‘lovini joriy etish rejalashtirilmoqda.

30 yildan oshgan avtomobillar uchun har yillik ekologik to‘lov joriy etilishi mumkin

Jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan «Ekspluatatsiya muddati o‘tgan avtomashinalarning utilizatsiyasini tashkil etish va uning komponentlarini qayta ishlash amaliyotini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida»gi qaror loyihasiga muvofiq, 2027 yil 1-yanvardan boshlab ishlab chiqarilganiga 30 yil va undan ortiq bo‘lgan avtotransport vositalari egalari har yili bir marta ekologik kompensatsiya to‘lashi mumkin. To‘lov miqdori BHMning 30 baravari etib belgilangan bo‘lib, amaldagi hisob-kitoblarga ko‘ra 12 million 360 ming so‘mni tashkil etadi.

Loyihada qonunchilikda belgilangan tartibda «zararli»ekologik toifaga kiritilgan transport vositalaridan foydalanish va ularni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish taqiqlanishi nazarda tutilgan. Bunday transport vositalari davlat ro‘yxatidan chiqariladi.

Utilizatsiya qilish bosqichlari

Hujjatda ekspluatatsiya muddati o‘tgan avtomobillarni utilizatsiya qilish va ularning komponentlarini qayta ishlash tizimini bir nechta bosqichda joriy etish rejalashtirilgan. Birinchi bosqichda, ya’ni 2026 yildan boshlab M1 toifali transport vositalari — yengil avtomobillar qamrab olinadi.

Ikkinchi bosqichda 2027 yildan M2, M3, N1, N2 va N3 toifali transport vositalari, ya’ni mikroavtobuslar, avtobuslar hamda yuk avtomobillari uchun tizim tatbiq etiladi. Uchinchi bosqichda esa 2030 yildan boshlab barcha turdagi g‘ildirakli transport vositalari mazkur tizim bilan qamrab olinadi.

Maxsus elektron platformani ishga tushiriladi

Qaror loyihasiga ko‘ra, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda 2026 yil 1-avgustga qadar maxsus elektron platformani ishga tushiradi. U «Qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketganlik uchun jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan majburiy to‘lovlarni to‘lash va hisobini yuritish yagona elektron tizimi»ga qo‘shimcha modul sifatida faoliyat yuritadi hamda «Tovar va qadoqlash buyumlari chiqindilarini onlayn monitoring qilish» imkoniyatini yaratadi.

Ekspluatatsiya muddati o‘tgan avtomobillarni utilizatsiyaga topshirish ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqich baholashdan, ikkinchisi esa transport vositasini qabul qilib olish va utilizatsiya qilishdan iborat bo‘ladi. Fuqaro avval avtomobilni qonunchilikda belgilangan tartibda texnik ko‘rikdan o‘tkazishi lozim. Texnik ko‘rikdan o‘tmagan transport vositalari baholash jarayoniga qabul qilinmaydi.

Avtomobilni baholatish uchun iste’molchi elektron platforma orqali ariza yuboradi. Arizada transport vositasining rusumi, ishlab chiqarilgan yili, texnik holati haqidagi ma’lumotlar hamda zarur hujjatlar ilova qilinadi. Shundan keyin fuqaro operator tomonidan elektron platformada e’lon qilingan qabul qilish reja-jadvaliga muvofiq belgilangan sana va vaqtda avtomobilni topshiradi. Operator transport vositasini qabul qilib olib, tegishli topshirish-qabul qilish dalolatnomasini rasmiylashtiradi.

Avtomobilni qabul qilib olish evaziga iste’molchi bilan qilinadigan hisob-kitob

Loyihada operator sifatida iste’molchilarga to‘lovlarni amalga oshiradigan, qabul qilingan texnikalarni qayta ishlaydigan yoki restavratsiya qilib ikkilamchi bozorga chiqaradigan yuridik shaxslar belgilangan.


Avtomobilni qabul qilib olish evaziga iste’molchi bilan bir nechta shaklda hisob-kitob qilinishi mumkin. Jumladan, unga pul mablag‘i to‘lab berilishi, yangi avtomobillarni imtiyozli narxlarda xarid qilish uchun elektron vaucher taqdim etilishi yoki qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa shakllarda kompensatsiya berilishi mumkin. To‘lov miqdori va shartlari baholash natijalariga asosan belgilanib, tomonlar o‘rtasida tuziladigan shartnomada aks ettiriladi.

Operatorlar tomonidan berilgan elektron vaucherlar respublika hududida faoliyat yuritayotgan avtomobil sotuvchi yuridik shaxslar tomonidan qabul qilinadi. Bunday holatda sotuvchilar vaucherda ko‘rsatilgan mablag‘ miqdorida chegirma taqdim etadi yoki avtomobil narxining qolgan qismini bir yildan ortiq muddatga bo‘lib to‘lash sharti bilan sotadi. Elektron vaucher va unda ko‘rsatilgan chegirma miqdori berilgan kundan boshlab olti oy davomida amal qiladi.

Mazkur qaror loyihasining jamoatchilik muhokamasi 28-iyunga qadar davom etadi.

Теглар

Мавзуга оид