351 mln dollar ko‘pmi yoki kam? O‘zbekistondagi eng yirik bitimlardan birining tafsiloti
Mobiuz aloqa kompaniyasining xususiylashtirilishi mamlakat uchun so‘nggi yillardagi eng yirik kelishuvga aylandi. Vaqt.uz bitim tafsilotlari va boshqa yirik sotuvlar haqida ma’lumot beradi.

Bugun, 4-iyun kuni, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Mobiuz aloqa kompaniyasidagi 100 foiz davlat ulushi xususiylashtirilganini ma’lum qildi.
Mazkur xususiylashtirish bitimi O‘zbekiston uchun so‘nggi yillardagi eng yirik kelishuvga aylandi. «McKim and Company» rahbarligidagi AQSH investorlar konsorsiumi hamda «JVR Enterprises LLC» Mobiuz aktivlarini 351 mln dollarga xarid qildi.
Bungacha eng yirik bitim Vengriyaning OTP Group kompaniyasi tomonidan «Ipoteka bank»ning xarid qilinishi bo‘lib, bankning umumiy qiymati 324 mln dollarga baholangan edi.
Shuningdek, Coca-Cola Uzbekistan kompaniyasining 57,1 foiz ulushi Turkiyaning Coca-Cola İçecek A.Ş. kompaniyasiga 252 mln dollarga sotilgani ham yirik kelishuvlar qatoriga kirgan.
Yana bir qiymati jihatidan yirik bitimlardan biri Click va Halyk Bank o‘rtasida bo‘lishi mumkin edi. Click to‘lov tashkilotining 49 foizini Halyk Bank 176,4 mln dollarga sotib olishi kerak edi.
Biroq, 2026 yil boshiga kelib Halyk Bank tomonlar o‘rtasida bitim amalga oshmagani, kelishuv muddati 2025 yil 31-dekabrda yakunlanganini ma’lum qildi.
Eng so‘nggi kelishuvlardan biri «Davr bank»ning 51 foizi Ozarbayjon xalqaro bankiga 100 mln dollarga sotilgani bo‘ldi. Bitim bilan «Davr bank» taxminan 200 mln dollarga baholandi.
Mobiuz’ni kim sotib oldi?
McKim & Company — AQSHda ro‘yxatga olingan moliyaviy investitsiya kompaniyasi. Bugunga qadar McKim nomli kichik moliyaviy guruh sifatida tanilgan bo‘lsa-da, ochiq manbalarda ma’lumotlar yetarli emas.
JVR Enterprises LLC («JVR Capital Group» nomi bilan ham yuritiladi) — AQSHda faoliyat yurituvchi investitsiya guruhi. Rasmiy ta’rifiga ko‘ra, bu guruh turli sohalarga, jumladan telekommunikatsiya va texnologiyalarga sarmoya kiritadi.
Bu ikki kompaniya konsorsium sifatida 351 mln dollarlik taklif va 500 mln dollarlik investitsiya kelishuvi bilan Mobiuz’ni xarid qilgan.
Konsorsium — bitta yirik loyiha yoki bitimni amalga oshirish uchun vaqtincha birlashgan bir nechta kompaniya yoki investorlar guruhidir.
Oddiy qilib aytganda, bir kompaniya yolg‘iz sotib olish o‘rniga, bir necha investor pul va tajribasini birlashtiradi. Konsorsium tarkibida ochiqlanmagan boshqa investorlar ham bo‘lishi mumkin.
Xususiylashtirish qanday amalga oshdi?
Davaktiv Mobiuz kompaniyasini xususiylashtirish boshlanganini 2025 yil 9-iyunda e’lon qilgandi. Oradan roppa-rosa bir yil o‘tib unga xaridor topildi.
Shundan so‘ng avgust oyida Bloomberg nashrida O‘zbekiston hukumati Mobiuz uchun 300 mln dollar so‘rayotgani haqida maqola e’lon qilindi.

Keyinchalik avgust oyida Mobiuz’ni xususiylashtirishga 15 nafar xalqaro va mahalliy kompaniya qiziqish bildirayotgani ma’lum bo‘ldi. Ular orasidan 3 nafar talabgor aniqlab olindi.

Xususiylashtirish jarayoni 351 mln dollarlik taklif bilan muvaffaqiyatli amalga oshgani haqida 4-iyunda ma’lum qilindi.
351 mln dollar ko‘pmi yoki kam?
Mobiuz 300 mln dollarga sotilishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalganida iqtisodchi Otabek Bakirov bu borada o‘z munosabatini bildirgandi.
U mintaqadagi yaqin davrda ko‘rsatish mumkin bo‘lgan eng yaxshi namuna sifatida Mobiuz’dan kichikroq bo‘lgan Qozog‘istonning Tele2 aloqa kompaniyasi Qatarning Power International Holding kompaniyasiga 1 mlrd dollarga sotilganini qayd etgandi.
«Mobiuz’ning 1991 yilda tug‘ilgan bobosi Uzdunrobita MCHJning 100 foiz ulushi 2004 yildagi (74 foiz) va 2007 yildagi (26 foiz) ikkita opsionda jami 371 mln dollarga sotilgandi. Faqat u paytda Uzdunrobita abonentlari hozirgidek 7 mln emas, 1,85 mln atrofida bo‘lgan, moliyaviy tushumlari ham karrasiga kam bo‘lgan», — degan edi iqtisodchi.
Mobiuz 2025 yilni 173,6 mlrd so‘m yoki taxminan 14,5 mln dollarlik sof foyda bilan yakunlagandi. Hozirga kelib uning faol abonentlari soni 8 mln nafarga yetgan.
Davaktiv xaridorlar tomonidan 351 mln dollardan tashqari 500 mln dollarlik investitsiya kiritish rejasi ham borligini ma’lum qilgan.
Mobiuz so‘nggi yillardagi eng yirik xususiylashtirishlardan biriga aylangan bo‘lsa-da, yaqin orada bu raqamlar yangilanishi kutilmoqda. Hukumat yirik davlat banklari va davlat korxonalarini sotishni maqsad qilgan.