40 yoshga yetmasdan milliarder bo‘lganlar ko‘paymoqda — asosiy sabab SI
Bu yilgi «Forbes 400» ro‘yxatidan 40 yoshgacha bo‘lgan 10 nafar milliarder joy oldi.
© Ijtimoiy tarmoqlarAQSHning 400 nafar eng boy odami reytingidan 40 yoshgacha bo‘lgan 10 nafar milliarder o‘rin oldi. Bu haqda «Forbes» nashri e’lon qilgan 2026 yilgi ro‘yxatda ma’lum qilindi.
O‘tgan yili mazkur ko‘rsatkich atigi to‘rt nafarni tashkil etgan edi. Joriy yilda esa reyting chegarasi rekord darajadagi 4,4 milliard dollar bo‘lganiga qaramay, o‘ttiz yoshlarda bo‘lgan yetti nafar yangi milliarder ro‘yxatga qo‘shildi. Nashrning ma’lum qilishicha, yangi qo‘shilganlarning barchasi o‘z boyligini sun’iy intellekt tarmog‘ining jadal rivojlanishi ortidan shakllantirgan.
Sun’iy intellekt bumi va yosh magnatlar
Ro‘yxatga ilk bor kirgan yetti nafar yangi milliarderning to‘rt nafari yagona kompaniya — 2021 yilda xavfsizlik va ishonch masalalari tufayli «OpenAI» dan ketgan xodimlar tomonidan tashkil etilgan «Anthropic» startapi asoschilaridir. «Claude» modeli asoschisi bo‘lgan ushbu kompaniya may oyida 65 milliard dollarlik investitsiyani jalb etib, 965 milliard dollarga baholandi.
«OpenAI» hammuassisi va prezidenti Greg Brokman ham mazkur reytingdan joy oldi. May oyida Ilon Mask bilan bo‘lib o‘tgan sud jarayonida uning kompaniyadagi ulushi 20 milliard dollardan ortiq ekani ochiqlandi. Hozirda uning boyligi 25,5 milliard dollarga baholanmoqda. Shuningdek, «Anduril» mudofaa startapi asoschisi Palmer Laki va «Cognition» startapi asoschilaridan biri Stiven Xao ham yangi milliarderlar sirasiga kirdi.
2025 yildagi eng yosh o‘ntalikdan joriy yilda faqat uch kishi o‘z o‘rnini saqlab qoldi: Edvin Chen («Surge AI»), Vlad Tenev («Robinhood») va Lukas Uolton («Walmart»). Uolton mazkur o‘ntalikda boylikni meros qilib olgan yagona vakil bo‘lib, 44,4 milliard dollarlik kapitali bilan ushbu guruhning eng boy a’zosi sanaladi.
Ro‘yxatdagi eng yosh 10 milliarderning umumiy boyligi 169 milliard dollarni tashkil qildi. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 357 milliard dollar bo‘lgan. Bu pasayishga 42 yoshli Mark Sukerberg (212 milliard dollar), 41 yoshli Josh Kushner va 43 yoshli Natan Blecharchikning yoshi 40 dan oshgani sabab bo‘lgan.
2026 yilgi «Forbes 400» ro‘yxatining 10 nafar eng yosh vakili
(Boylik miqdori 2026 yil 4-sentabr holatiga ko‘ra ko‘rsatilgan)
10. Lukas Uolton, 39 yosh
Boylik: 44,4 milliard dollar
Manba: «Walmart»
«Walmart» asoschisi Sem Uoltonning nabirasi bo‘lgan Lukasga otasidan qolgan merosning, ya’ni asosan kompaniya aksiyalarining uchdan bir qismi tekkan. U muqobil energiya va okeanlarni muhofaza qilish loyihalarini moliyalashtiruvchi «Builders Vision» fondiga rahbarlik qiladi. Shuningdek, u shu yilning iyun oyida «Chikago Bullz» (NBA) klubining minoritar ulushini sotib olgan.
9. Vlad Tenev, 39 yosh
Boylik: 7,1 milliard dollar
Manba: «Robinhood»
Asli bolgariyalik bo‘lgan Tenev 2013 yilda brokerlik to‘lovlarini bekor qilgan «Robinhood» ilovasini ishga tushirgan. Bundan tashqari, u 2023 yilda asos solingan «Harmonic» matematik sun’iy intellekt startapiga ham raislik qiladi.
8. Tom Braun, 39 yosh
Boylik: 15,5 milliard dollar
Manba: «Anthropic»
Tom «OpenAI» ning ilk 20 nafar xodimidan biri va GPT-3 til modeli bo‘yicha maqolaning bosh muallifi hisoblanadi. 2021 yilda u hamkasblari bilan birgalikda «Anthropic» startapini boshladi va hozirda «Claude» modelini o‘qitish uchun hisoblash infratuzilmasini nazorat qiladi.
7. Daniela Amodey, 39 yosh
Boylik: 15,5 milliard dollar
Manba: «Anthropic»
Avval «Stripe» va «OpenAI» kompaniyalarida ishlagan Amodey 2021 yilda akasi Dario va yana besh hamkasbi bilan «Anthropic»ga asos soldi. Hozirda u kompaniya prezidenti va kengash raisi lavozimlarida faoliyat yuritmoqda.
6. Edvin Chen, 38 yosh
Boylik: 18 milliard dollar
Manba: «Surge AI»
2020 yilda Chen «Surge AI» startapiga asos soldi. Mazkur kompaniya sun’iy intellekt modellarini o‘qitish maqsadida ma’lumotlarni tasniflash, shuningdek, tizim tomonidan berilgan javoblarni baholash va tuzatish uchun odamlarni ishga yollaydi. «Google» va «Anthropic» kabi yirik mijozlar bilan hamkorlik «Surge»ga hech qanday venchur sarmoyalarisiz ham yillik daromadini 1 milliard dollardan oshirishga yordam berdi. Taxminlarga ko‘ra, kompaniyaning qariyb 75 foiz ulushi aynan Chenga tegishli.
5. Greg Brokman, 37 yosh
Boylik: 25,5 milliard dollar
Manba: «OpenAI»
Garvard va Massachusets texnologiya institutini tamomlamasdan tark etgan Brokman 2015 yilda Ilon Mask va Sem Oltmen bilan birga «OpenAI»ni tashkil etgan. Prezident sifatida u modellashtirish infratuzilmasi va mahsulot biznesini boshqarmoqda. May oyida ochiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, uning «OpenAI»dan tashqari «Stripe» kompaniyasida qariyb 500 million dollarlik aksiyalari va boshqa sarmoyalari mavjud.
4. Jek Klark, 37 yosh
Boylik: 15,5 milliard dollar
Manba: «Anthropic»
Jek Klark «Bloomberg» nashrida sun’iy intellekt bo‘yicha jurnalist bo‘lib ishlagan, so‘ngra «OpenAI» va «Anthropic» loyihalarida faoliyat yuritgan. Hozirda u sun’iy intellektning jamiyatga ta’sirini o‘rganuvchi markazni boshqaradi va soha bo‘yicha davlat nazorati kuchaytirilishini qo‘llab-quvvatlaydi.
3. Sem Makkandlish, 36 yosh
Boylik: 15,5 milliard dollar
Manba: «Anthropic»
Nazariy fizika bo‘yicha doktorlik darajasiga ega MakKandlish avvalroq «OpenAI»da tizimlarning ko‘lami va ma’lumotlar hajmiga bog‘liq qonuniyatlar ustida ishlagan. U o‘zi asos solishda qatnashgan «Anthropic» kompaniyasida bosh arxitektor vazifasini bajaradi hamda sun’iy intellekt modellarini yaratish va o‘qitish jarayonini bevosita nazorat qiladi.
2. Palmer Laki, 33 yosh
Boylik: 5,9 milliard dollar
Manba: «Anduril»
Yoshligida virtual reallik ko‘zoynaklarini ishlab chiquvchi «Oculus» kompaniyasini «Facebook»ga 2 milliard dollarga sotgan Laki 2017 yilda avtonom dronlar va sun’iy intellektga asoslangan harbiy tizimlar yaratuvchi «Anduril» kompaniyasiga asos solgan. Mart oyida AQSH armiyasi «Anduril» bilan qiymati 20 milliard dollargacha bo‘lgan 10 yillik shartnoma tuzdi, may oyida esa kompaniya 5 milliard dollar sarmoya jalb etdi.
1. Stiven Xao, 30 yosh
Boylik: 5,8 milliard dollar
Manba: «Cognition»
Ro‘yxatning eng yosh milliarderi Stiven Xao hisoblanadi. U dasturiy ta’minot yaratuvchi «Devin» sun’iy intellekt agentini ishlab chiqqan «Cognition» startapining bosh texnik direktori va eng yirik ta’sischi-aksiyadori hisoblanadi. Joriy yilning sentabr oyida «Cognition» jami 48 milliard dollarga baholanib, 2 milliard dollar miqdorida sarmoya jalb qildi.





