600 dollarlik xizmat uchun 13 ming dollar talab qilgan tovlamachilar sudlandi
Toshkentdagi «Farhod» avtomobil ehtiyot qismlari bozorida mijozlarni qo‘rqitib, ruxsatisiz avtomobillarga ehtiyot qismlar o‘rnatish va katta miqdorda pul talab qilishda ayblangan 14 nafar shaxsga sud hukmi o‘qildi. Sud 14 nafar sudlanuvchining barchasini aybdor deb topdi.
Poytaxtdagi “Farhod” avtomobil ehtiyot qismlari bozorida tovlamachilikda ayblanib, 14 kishi qo‘lga olingandi. Ular mashina egalarining ruxsatisiz avtomobillarga ehtiyot qismlar o‘rnatgan va tahdid bilan to‘lovni talab qilgan. 29-iyun kuni JIB Uchtepa tuman sudida mazkur jinoyat ishi bo‘yicha hukm o‘qildi.
Shu o‘rinda voqea tarixiga nazar tashlasak:
Poytaxtning Uchtepa tumanidagi Farhod ko‘chasida joylashgan avtomobil ehtiyot qismlari bozorida 14 nafar shaxs mijozning avtotransport vositasiga uning ruxsatisiz va oldindan kelishmagan holda turli jihozlar o‘rnatib, texnik xizmat ko‘rsatishgan. Shundan so‘ng, ushbu xizmat bozor narxida 600 dollar bo‘lishiga qaramasdan, fuqarodan 13 300 dollarini tovlamachilik yo‘li bilan undirishgan.
E’tiroz bildirib, o‘z haqqini talab qilgan mijozga zo‘ravonlar qo‘rqitish yo‘li bilan tahdid qilishgan.
Yana shunga o‘xshash holatda esa guruh a’zolari boshqa bir fuqaroning avtomashinasiga uning roziligisiz turli ehtiyot qismlarni o‘rnatib, undan 3 barobar qimmat narxda pul talab qilishgan. Aniqlanishicha, ular avtomashina kalitini fuqarodan olib qo‘yib, tazyiq o‘tkazish orqali undan 15 mln so‘m undirishgan.
Bundan tashqari, ular yana 2 nafar fuqaroning avtomashinasini qo‘shimcha ehtiyot qismlar bilan jihozlash uchun ulardan jami 70 mln so‘m miqdorida pul olib, va’da qilingan ishni bajarishmagan.
Avtomashinalar ehtiyot qismlari bozorida oldindan mashinalarga texnik xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanganlar bozorga kelgan mijozlarga, buyurtma qilmagan kam hajmli texnik xizmatlarni ko‘rsatsa-da, ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini berishni talab qilib, mulkiga shikast yetkazish tahdidi bilan qo‘rqitib, 11 nafar jabrlanuvchilardan jami 432 mln so‘m miqdorda pulni tovlamachilik yo‘li bilan egallagan.
Tovlamachilik bilan shug‘ullanganlikda ayblangan sudlanuvchilarga, jinoiy xatti-harakatlaridan kelib chiqib, 3 yildan 6 yilgacha bo‘lgan muddatga ozodlikdan mahrum etish jazolari tayinlandi. Ayrim sudlanuvchilar (muqaddam sudlangani bois) tayinlangan jazoni qattiq tartibli, ayrimlari umumiy tartibdagi jazo koloniyalarida o‘tashi belgilandi.
Jumladan, 3 nafar sudlanuvchi JK 165-moddasi 2-qismi “a”, “b” va “v” bandlari bilan aybdor topilib, 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Jazoni qattiq tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilandi.
8 nafar sudlanuvchi JK 165- moddasi 2-qismi “a”, “b” va “v” bandlari bilan aybdor deb topilib, jazoni umumiy va qattiq tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilandi.
1 nafar sudlanuvchi JK 165-moddasi 2-qismi “a” va “v” bandlari bilan aybdor deb topilib, 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Jazoni qattiq tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilandi.
2 nafar sudlanuvchi JK 165-moddasi 2-qismi “b” va “v” bandlari bilan aybdor deb topilib, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilandi.
Baxtiyor To‘xtayev, jurnalist
Operator-montajchi: Miroqil Xayrullayev
Теглар






