Abdulla Aripov Imomali Rahmon bilan uchrashdi

17.02.2026 | 21:372 дақиқа

Shu kunlarda 74 yoshli Prezidentning sog‘lig‘i va Xitoyga davolanishga ketgani bo‘yicha mish-mishlar tarqalgandi.



Bugun, 17 fuvral kuni Dushanbe shahrida Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripovni qabul qildi. Bu haqda Tojikiston Prezidentining matbuot xizmati xabar berdi.

rahmon

Suhbat davomida Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining hozirgi holati hamda istiqbollari muhokama qilingan.

Ularni yanada rivojlantirish va kengaytirish yo‘llari ko‘rib chiqilgan. O‘zaro savdo va investitsiyaviy hamkorlik ko‘rsatkichlari o‘sishining ijobiy sur’ati mamnuniyat bilan qayd etilgan.

Uchrashuvda o‘tgan 2025 yilda ikki tomonlama savdo hajmi 504 million AQSH dollaridan oshgani va bu ko‘rsatkichni yanada ko‘paytirish imkoniyatlari va resurslari mavjudligi ko‘rib chiqilgan.

«Shu nuqtai nazardan, Millat peshvosi sanoat, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi va o‘zaro manfaatli boshqa sohalarda ushbu jarayonni yanada ilgari surish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatib o‘tdi. Tomonlar, shuningdek, madaniy-gumanitar almashinuvni yanada kengaytirishga qiziqish bildirdilar», - deyiladi xabarda.

«Prezidentning g‘oyib bo‘lishi»

73 yoshli Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonning qariyb ikki hafta davomida jamoatchilik ko‘zidan yo‘qolib qolishi uning salomatligi borasidagi turli taxminlarga sabab bo‘ldi. Rasmiy manbalar 17 kun davomida faqat cheklangan ma’lumotlar bilan kifoyalangan bir paytda, ayrim OAVlar davlat rahbarining sog‘lig‘i yomonlashgani va u davolanish uchun Xitoyning Xaynan oroliga safar qilganini xabar qildi. Uzoq yillardan beri yuqori qon bosimi va yurak yetishmovchiligi kabi kasalliklardan aziyat chekishi aytiladigan Rahmonning bu galgi «tanaffusi» vorislik masalasini ham kun tartibiga chiqardi; uning o‘g‘li Rustam Imomali hozirda asosiy siyosiy merosxo‘r sifatida ko‘rilmoqda.

Tibbiy manzilning o‘zgarishi

Agar Imomali Rahmonning davolanish uchun aynan Xitoyni tanlagani tasdiqlansa, bu Markaziy Osiyo yetakchilari uchun yangi yo‘nalish bo‘lishi mumkin. Ilgari mintaqa rahbarlari tibbiy yordam uchun asosan Moskva yoki G‘arb davlatlariga tayanib kelishgan bo‘lsa, Pekinning tanlanishi Xitoyning mintaqadagi ta’siri nafaqat iqtisodiy, balki shaxsiy ishonch darajasida ham ortib borayotganini anglatadi.

Теглар

Мавзуга оид