Ahror Burhonov AQSHda ish boshladi
Uch yildan beri O‘zbekiston TIV matbuot kotibi sifatida ishlab kelayotgan Ahror Burhonov O‘zbekistonning AQSHning Vashington shtatidagi ilk bosh konsuli etib tayinlandi.

2023-yildan beri O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri matbuot kotibi sifatida faoliyat yuritib kelayotgan Ahror Burhonov O‘zbekistonning AQSHning Vashington shtatidagi ilk bosh konsuli etib tayinlandi. Bu haqda uning o‘zi «X» ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
«Mamlakatimizning Vashington shtatidagi (AQSH) ilk bosh konsuli sifatida yangi vazifani boshlar ekanman, ushbu davr mobaynida qo‘llab-quvvatlagan va hamkorlik qilgan barchaga samimiy minnatdorlik bildiraman», – deb yozadi Burhonov.
Ahror Burhonov kim?
U Toshkentdagi xalqaro Vestminster universitetining iqtisodiyot yo‘nalishi bo‘yicha bakalavr, Koreya taraqqiyot instituti Davlat siyosati va boshqaruv maktabining taraqqiyot siyosati bo‘yicha magistr darajasiga ega.
Burhonov o‘z mehnat faoliyatini diplomatik sohada boshlagan. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik boshqarmasi, Yig‘ma axborot-tahlil departamenti va Xalqaro munosabatlar bo‘yicha axborot-tahliliy markazida faoliyat yuritgan.
Shuningdek, u O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasida ishlagan va u yerda ommaviy axborot vositalari, jamoatchilik diplomatiyasi, turizm, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi ikki tomonlama munosabatlarga doir masalalar bilan shug‘ullangan. U O‘zbekiston va Braziliya o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarga ham mas’ul bo‘lgan.
2024-yil 10-fevral kuni Ahror Burhonov Tashqi ishlar vazirining matbuot kotibi etib tayinlangan.





