Logo

Apple Pay va Google Pay O‘zbekistonda yaqin oylarda ishga tushishi mumkin

Markaziy bank Apple Pay va Google Pay xizmatlarini O‘zbekistonda ishga tushirish bo‘yicha ishlar faol davom etayotganini ma’lum qildi. Regulyator mahalliy Humo va Uzcard kartalarini ham ushbu platformalarga ulashni rejalashtirmoqda.

Apple Pay va Google Pay O‘zbekistonda yaqin oylarda ishga tushishi mumkin

Apple Pay va Google Pay to‘lov xizmatlari yaqin oylarda O‘zbekistonda ishga tushishi mumkin. Bu haqda Markaziy bankning To‘lov tizimlarini rivojlantirish departamenti rahbari Jamshid Usmonov Spot nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan o‘zgartishlardan so‘ng Markaziy bank tijorat banklari, Humo va Uzcard milliy to‘lov tizimlari hamda Apple va Google kompaniyalari bilan muzokaralarni boshlagan. Shu bilan birga, xizmatlarni texnik jihatdan integratsiya qilish ishlari ham olib borilmoqda.

«Hozirda tijorat banklari integratsiya ishlarini faol olib bormoqda. Kartalarni tokenizatsiya qilish bilan bog‘liq jihatlar bor», — dedi Usmonov.

Markaziy bank vakili ta’kidlashicha, gap faqat Visa va Mastercard xalqaro kartalarini qo‘llab-quvvatlash haqida emas. Regulyator Apple Pay va Google Pay tizimlariga mahalliy Humo va Uzcard kartalarini ham ulash ustida ish olib bormoqda.

Uning aytishicha, yaqin bir necha oy ichida loyiha bo‘yicha ijobiy yangiliklar e’lon qilinishi mumkin. Dastlab xizmatni bir yoki bir nechta tijorat banki ishga tushirishi ehtimoli bor. Shuningdek, milliy to‘lov operatorlaridan biri orqali ham xizmatni yo‘lga qo‘yish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.

Jamshid Usmonov Markaziy bank Apple va Google vakillari bilan muzokaralar o‘tkazganini ham tasdiqladi. Uning ma’lum qilishicha, uchrashuvlar joriy yilning aprel va may oylarida bo‘lib o‘tgan.

Qonunchilikdagi o‘zgarishlar jarayonni tezlashtirdi

Eslatib o‘tamiz, 26-mart kuni prezident «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartishlar kiritish haqidagi qonunni imzolagan edi.

Unga ko‘ra, barcha shaxsiy ma’lumotlarni faqat O‘zbekistondagi serverlarda saqlash bo‘yicha majburiy talab bekor qilindi. Endi bu talab faqat biometrik va genetik ma’lumotlar, shuningdek, telekommunikatsiya operatorlari abonentlarining ma’lumotlariga nisbatan saqlanib qoldi. Qolgan shaxsiy ma’lumotlarga esa belgilangan shartlarga rioya qilingan holda xorijda ishlov berishga ruxsat berildi.

Qo‘shni davlatlar allaqachon ishga tushirdi

O‘zbekistonning ikki qo‘shni davlati — Qirg‘iziston va Tojikistonda Apple Pay xizmati allaqachon ishga tushirilgan.

2026 yil 28-iyuldan boshlab Qirg‘izistonda bank kartalari egalari Apple Pay orqali smartfon yoki aqlli soat yordamida kontaksiz to‘lovlarni amalga oshirish, internet va mobil ilovalarda hisob-kitob qilish imkoniyati yaratildi. Mamlakat Markaziy banki buni milliy moliyaviy infratuzilmani global to‘lov tizimiga integratsiya qilishda muhim qadam deb baholagan.

Tojikistonda ham xizmat ayrim banklar mijozlari uchun yo‘lga qo‘yildi. Xususan, Alif Bank va Humo Bank mijozlari bank kartalarini Apple Wallet ilovasiga bog‘lab, smartfon yoki aqlli soat orqali to‘lovlarni amalga oshirishi mumkin.

Qo‘shni davlatlarda Apple Pay'ning ishga tushirilishi mazkur xizmatning O‘zbekistonda ham tez orada joriy etilishi ehtimolini oshirmoqda. Avvalroq mamlakatda bunday kontaksiz to‘lov tizimlarini ishga tushirish uchun zarur infratuzilma tayyor ekani ma’lum qilingan edi. Shu bois, Markaziy bank bildirgan bayonot ushbu jarayon yakuniga yaqinlashayotganini ko‘rsatadi.

Теглар

Мавзуга оид