AQSH dollari nega zaiflashishi mumkin – urush, neft va bozor tahlili
Yaqin Sharqdagi urush fonida o‘sgan AQSH dollari nega zaiflashishi mumkin? Valuta tahlilchilari prognozlari, neft narxlari va bozor tendensiyalari tahlili.

Yaqin Sharqda fevral oxirida boshlangan urushdan beri AQSH dollarining o‘sishi, mojaro deeskalatsiyasi fonida uning himoya aktivi sifatidagi jozibadorligi pasayishi bilan yo‘qqa chiqishi mumkin, deb hisoblaydi «Reuters» tomonidan so‘rov o‘tkazilgan valuta strateglari.
Ularning fikricha, urush boshida dollarning yaqindagi mustahkamlanishi asosan qisqa pozitsiyalarni yopish bilan bog‘liq bo‘lib, bu AQSH valutasiga barqaror talabni aks ettirmaydi.
AQSH dollari bilan nima bo‘lyapti?
Yaqin Sharqdagi urush boshlanganidan beri dollar indeksi dunyoning 10 ta asosiy valutasi savatchasiga nisbatan taxminan 2 foizga o‘sdi. 27-martdan 1-aprelgacha o‘tkazilgan va qariyb 70 nafar valuta tahlilchilari ishtirok etgan «Reuters» so‘roviga ko‘ra, AQSH dollari asta-sekin zaiflashishi kutilmoqda: yevro aprel va iyun oylari oxirigacha dollarga nisbatan hozirgi darajada – 1,16 dollar atrofida saqlanadi, keyin yarim yil ichida taxminan 2 foizga mustahkamlanib 1,18 dollarga, bir yil ichida esa yana 2 foizga o‘sib 1,2 dollarga yetishi mumkin. 2-aprel kuni savdolarda dollar yevroga nisbatan biroz mustahkamlandi: bir yevro 1,15 dollar atrofida savdo qilinmoqda. Shuningdek, dollar indeksi ham 0,53 foizga oshdi. «Reuters» ta’kidlashicha, bu dinamika AQSH prezidenti Donald Trampning Yaqin Sharqda mojaro kuchayishi ehtimoli haqidagi bayonotlari va bozorda himoya aktivlariga talabning qayta tiklanishi fonida kuzatildi.
Tahlilchilar nima deydi?
«Wells Fargo» bankining «G10» valutalari bo‘yicha strategiya rahbari Erik Nelson shunday dedi:
«Biz dollar bo‘yicha salbiy qarashdamiz. Birinchidan, u o‘z adolatli qiymatidan yuqori savdo qilinmoqda, ikkinchidan esa dollar bo‘yicha uzun pozitsiyalarga keskin va tez o‘tish ortiqcha ko‘rinadi».
Uning qo‘shimcha qilishicha, AQSH Yevropa va Yaponiyaga qaraganda barqarorroq ko‘rinishi mumkin, ammo energiya narxlarining o‘sishi baribir iqtisodiyotga salbiy bilvosita ta’sir ko‘rsatadi va bu, allaqachon zaif bo‘lgan mehnat bozori bilan birga, iste’molchilarning real daromadlariga bosimni kuchaytiradi.
«Standard Chartered» bankida «G10» valutalari tadqiqotlari rahbari Stiven Inglander esa shunday deydi:
«Mojaro hal etilishiga umid paydo bo‘lishi bilan dollar juda tez pasaya boshlaydi. Agar vaziyat normallashib, masalan, neft 90 dollardan pastga tushsa, yevro/dollar juftligi deyarli darhol 1,18 dollardan yuqoriga chiqishi mumkin».
Uning so‘zlariga ko‘ra, dollarga bo‘lgan yaqindagi talabda «katta ishtiyoq» yo‘q.
«Tramp ma’muriyatining kutilmagan qarorlari bozorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qiladi, lekin bilvosita ta’siri deyarli har doim AQSH aktivlariga nisbatan risk premiyasining oshishi bilan bog‘liq», – dedi u.
«Mitsubishi UFJ Financial Group»ning «EMEA» mintaqasi bo‘yicha global bozorlar tadqiqotlari rahbari Derek Xalpenniy ham bu fikrga qo‘shildi:
«Neft narxlari 60–70 foizga o‘sgan bir sharoitda dollar 4–5 foizga mustahkamlanishi kutilgan bo‘lardi. Ammo bu sodir bo‘lmadi – o‘sish ancha kam bo‘ldi. Demak, dollarning himoya aktivi sifatidagi maqomi ma’lum darajada zaiflashgan».
Dollar bosim ostida
«Reuters»ning qayd etishicha, dollarning himoya aktivi sifatidagi maqomi o‘tgan yil aprelida Donald Tramp tomonidan joriy etilgan tariflar atrofidagi noaniqliklar va AQSH Federal rezerv tizimining mustaqilligiga oid xavotirlar sabab allaqachon bosim ostida edi. Bundan tashqari, bozorlar Trampning Eron bo‘yicha bayonotlarini diqqat bilan kuzatmoqda, ular ba’zan mojaroni kuchaytirish, ba’zan esa yumshatishga ishora qiladi.
Urush boshlanganidan beri neft narxlari taxminan 50 foizga o‘sdi, ayrim paytlarda o‘sish 65 foizgacha yetdi. 2-aprel kuni «Brent» neft fyucherslari 7 foizdan ortiqqa oshib, barreli 108,57 dollarga yetdi. AQSHning «WTI» nefti ham qariyb 8 foizga oshib, 108 dollarga chiqdi.
Shu fonda an’anaviy himoya aktivlari zaif dinamika ko‘rsatdi: AQSH davlat obligatsiyalari daromadliligi oshdi, oltin esa 10 foizdan ko‘proq arzonlashdi. 2-aprel kuni oltin narxi qariyb 3 foizga tushib, unsiyasi 4625 dollar atrofida savdo qilinmoqda.





