AQSH Tailandda rossiyaliklarga nisbatan haqiqiy «ov» boshlagan — Rossiya TIV
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi o‘z fuqarolarini Tailandga safar qilishdan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Tailandga safar qilishni rejalashtirayotgan fuqarolarga ogohlantirish bilan chiqdi. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat hududida AQSHning so‘rovlari asosida rossiyaliklarni ushlash va ekstraditsiya qilish xavfi mavjud.
«Afsuski, rossiyalik sayyohlar orasida ommabop bo‘lgan va biz uchun do‘stona bu mamlakat Vashington rossiyaliklarga nisbatan haqiqiy «ov» boshlagan joylardan biri bo‘lib qolmoqda», — deyiladi vazirlik xabarida.
Rossiya TIV Vashingtonni mamlakat hukumati bilan yetarlicha hisoblashmasdan turib, rossiyaliklarni qo‘lga olish bo‘yicha operatsiyalar o‘tkazayotganlikda aybladi.
Vazirlik bayonotida qayd etilishicha, qo‘lga olinganlarning ko‘pchiligi Amerika maxsus xizmatlari tomonidan tahdidlar, qo‘rqitish va ruhiy bosimlarga duch kelmoqda.
Ekstraditsiya shartnomasi
Tailand va AQSH o‘rtasida jinoyatda gumon qilingan shaxslarni topshirish bo‘yicha ikki tomonlama shartnoma amal qiladi. Shu sababli amerikalik huquqni muhofaza qiluvchi organlar qidirayotgan shaxslar Tailand hududida ushlanishi va keyinchalik AQSHga topshirilishi mumkin.
Rossiya rasmiylarining fikricha, Ukrainadagi urush boshlanganidan keyin AQSH tomonidan rossiyaliklarga nisbatan huquqiy bosim kuchaygan.
Sanksiyalar va cheklovlar sharoitida ba’zi fuqarolar o‘zlari bilmagan holda amerikalik tergov organlarining diqqat markaziga tushib qolishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.
Rossiya TIV nafaqat Tailandga turistik yoki xizmat safari bilan borishdan, balki mamlakat aeroportlari orqali tranzit parvozlarni amalga oshirishdan ham ehtiyot bo‘lishni tavsiya qildi.





