Logo

AQSH Transkaspiy gaz quvuri qurilishini talab qilyaptimi?

Бугун 15:303 дақиқа

2026-yil boshida Qozog‘iston va O‘zbekiston rasmiylari Ustyurt platosida yirik gaz zaxiralari aniqlanganini ma’lum qilgandi. Ushbu konlarni o‘zlashtirish Transkaspiy gaz quvuri loyihasining iqtisodiy samaradorligini ta’minlashga xizmat qilishi mumkin.

AQSH Transkaspiy gaz quvuri qurilishini talab qilyaptimi? © fondsk.ru

Qo‘shma Shtatlar senatori Stiv Deynsning Kaspiy havzasi mamlakatlariga amalga oshirgan tashrifi uning rasmiy maqomdagi so‘nggi safarlaridan biri bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, bu tashrif eng muhim diplomatik tashriflardan biri sifatida baholanmoqda. Bu haqda «Eurasianet» yozdi.

Montana shtati vakili bo‘lgan respublikachi senator Stiv Deyns Kongressda AQSHning Kavkaz va Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlarini mustahkamlash tarafdorlaridan biri hisoblanadi. Uning Senatdagi vakolat muddati 2027-yil yanvar oyida yakunlanadi. Yaqinda u Ozarbayjon, Qozog‘iston va Turkmanistonga tashrif buyurib, ushbu davlatlar rahbarlari bilan uchrashdi. Tashrifning yuqori darajada tashkil etilgani Deyns AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati nomidan muhim muzokaralar olib borgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi. Biroq tomonlar muzokaralar mazmunini oshkor qilmadi.

Rasmiy bayonotlarda asosan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish haqida umumiy fikrlar bildirildi. Jumladan, AQSHning Ozarbayjondagi elchixonasi 7-iyul kuni e’lon qilgan bayonotda Stiv Deyns Bokuga tashrif buyurgan yuqori lavozimli amerikalik rasmiylar qatoriga qo‘shilgani, tashrifdan maqsad AQSH–Ozarbayjon munosabatlarini mustahkamlash va fevral oyida prezident Ilhom Aliyev hamda AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens imzolagan Strategik sheriklik xartiyasini amalga oshirish ekani ta’kidlandi.

photo_2026-07-16_15-31-41


8-iyul kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev senator bilan uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo, iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik barqaror sur’atlarda o‘sib borayotganini qayd etdi. Shunga qaramay, bir qator omillar Deyns tashrifining asosiy mavzusi Kaspiy dengizi orqali gaz quvurini qurish loyihasi bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Rasmiy ma’lumotlar kam bo‘lsa-da, barcha uchrashuvlar ijobiy ruhda o‘tgani qayd etilgan. Turkmanistonda Deyns nafaqat prezident Serdar Berdimuhamedov, balki mamlakatning amaldagi asosiy rahbari sifatida qaraladigan uning otasi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan ham muzokara o‘tkazdi. Turkmaniston rasmiy bayonotida Ashxobod AQSH bilan yoqilg‘i-energetika, transport, moliya-bank sohasi, ilg‘or texnologiyalar va sun’iy intellekt kabi yo‘nalishlarda hamkorlik qilishga tayyor ekani bildirildi.

image_2026-07-16_15-14-22


Shuningdek, AQSHning Turkmanistondan Pokiston va Hindistonga gaz yetkazib berishga xizmat qiladigan Transafg‘on gaz quvuri loyihasini qo‘llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik bildirildi. Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashuv yakunlari haqidagi alohida axborotda ham energetika va transport sohalari ikki davlat hamkorligining asosiy yo‘nalishlari sifatida qayd etildi. Turkmaniston uzoq yillar davomida G‘arb bilan iqtisodiy hamkorlikka ehtiyotkorlik bilan yondashib kelgan. Mamlakat rahbariyati tashqi ta’sirlar ichki siyosiy tizimga salbiy ta’sir ko‘rsatishidan xavotirda edi. Biroq so‘nggi oylarda Turkmanistonning O‘rta koridor savdo yo‘lagiga faolroq integratsiyalashishga intilayotgani kuzatilmoqda.

Transkaspiy gaz quvuri loyihasi o‘nlab yillardan buyon muhokama qilinib kelinadi. Ammo hududiy bahslar, moliyalashtirish muammolari va Turkmanistonning katta gaz zaxiralariga ega bo‘lishiga qaramay, ularni quvur orqali eksport qilishga qiziqish bildirmagani tufayli loyiha amalga oshmay kelmoqda.

Hozirda esa vaziyat o‘zgarayotganga o‘xshaydi. Turkmanistonning bu tashabbusga munosabati iliqlashayotgani kabi, Qozog‘iston ham loyihaga qiziqish bildirmoqda. Rossiya–Ukraina urushi ortidan Rossiya orqali eksport yo‘llarida yuzaga kelgan uzilishlar Ostonani eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishga undamoqda.

2026-yil boshida Qozog‘iston va O‘zbekiston rasmiylari Ustyurt platosida yirik gaz zaxiralari aniqlanganini ma’lum qilgandi. Mutaxassislar fikricha, ushbu konlarni o‘zlashtirish Transkaspiy gaz quvuri loyihasining iqtisodiy samaradorligini ta’minlashga xizmat qilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq neft qazib oluvchi mamlakat bo‘lmish Turkmanistonda nega yoqilg‘i tanqisligi yuzaga kelayotgani haqida yozgan edik.

Теглар

Мавзуга оид