AQSH va Ukraina prezidentlari yopiq formatda uchrashdi
Uchrashuv «o‘n ballik tizimda kamida sakkiz ballga» baholangan va muzokaralar yo‘nalishini qayta jonlantirishga xizmat qilgan.

AQSH prezidenti Donald Tramp Oq uyda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni qabul qildi. «Reuters» nashrining xabar berishicha, uchrashuv yopiq formatda, jurnalistlar ishtirokisiz o‘tkazilgan va bir soatdan ortiq davom etgan.
«Patriot» litsenziyalari muhokama qilindi
Uchrashuvdan so‘ng Volodimir Zelenskiy muzokaralarni «yaxshi o‘tganini» ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar «Patriot» havo hujumidan mudofaa tizimi uchun tutuvchi raketa ishlab chiqarish litsenziyalari hamda boshqa tashabbuslarni muhokama qilgan.
Shuningdek, rahbarlar Rossiya–Ukraina urushiga barham berish uchun diplomatik jarayonni jonlantirish masalasiga ham e’tibor qaratgan.
Ukraina prezidenti Tramp bilan tinchlik muzokaralarini qayta boshlash haqida gaplashganiga ishora qildi.
Qayd etilishicha, Trampning maxsus vakillari Stiven Uitkoff va Jared Kushner yaqin haftalarda Ukrainaga tashrif buyurishi mumkin.
Yangi g‘oyalar izlanmoqda
«RBK-Ukraina» suhbatdoshining ta’kidlashicha, uchrashuv «o‘n ballik tizimda kamida sakkiz ballga» baholangan va muzokaralar yo‘nalishini qayta jonlantirishga xizmat qilgan.
Avvalroq AQSH davlat kotibi Marko Rubio Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida Ankorijda o‘tgan sammit kutilgan natijani bermaganini aytgan edi. Uning fikricha, Rossiya–Ukraina urushini to‘xtatish uchun endi «yangi g‘oyalar» talab etiladi.
Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt ham Tramp va Zelenskiy uchrashuvini «samarali va ijobiy» deb baholagan.





