Logo

AQSH vizasi uchun garov puli joriy qilindi

Бугун 12:252 дақиқа

AQSH Davlat departamenti 50 ta davlat fuqarolari uchun doimiy viza depoziti tizimi joriy etilishini e’lon qildi. Unga ko‘ra, mazkur mamlakatlardan biznes va turistik viza oluvchilar uchun 20 ming dollargacha garov puli belgilanadi.

AQSH vizasi uchun garov puli joriy qilindi © Ijtimoiy tarmoqlar

AQSH Davlat departamenti muvaffaqiyatli sinov davridan so‘ng ayrim davlatlar fuqarolari uchun doimiy viza depoziti tizimi joriy etilishini e’lon qildi. Yangi tartib 3-avgustdan kuchga kiradi.

Qoidalarga ko‘ra, 50 mamlakat fuqarolariga beriladigan B-1/B-2 toifasidagi biznes va turistik vizalar uchun konsullik xodimi har bir holatdan kelib chiqib 20 ming dollargacha garov puli belgilashi mumkin.

Agar viza egasi AQSHni belgilangan muddatda tark etsa, vizadan foydalanmasa yoki unga mamlakatga kirish rad etilsa, depozit mablag‘i qaytariladi. Viza shartlari buzilgan taqdirda esa mablag‘ ushlab qolinadi.

Ro‘yxatda qaysi davlatlar bor?

Ro‘yxatga Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Gruziya, shuningdek, Jazoir, Angola, Bangladesh, Kambodja, Mug‘uliston, Nepal, Nikaragua, Tunis, Uganda, Venesuela, Zimbabve va Afrika, Janubi-Sharqiy Osiyo hamda Lotin Amerikasining boshqa qator davlatlari kiritilgan.

O‘zbekiston ushbu ro‘yxatdan o‘rin olmagan.

Davlat departamentining ma’lum qilishicha, ro‘yxatga viza rejimi talablarini nisbatan ko‘proq buzadigan davlatlar kiritilgan.

Natijalar ijobiy baholandi

Avval mazkur dastur sinov tariqasida amal qilgan bo‘lib, garov miqdori 5 ming dollardan 15 ming dollargacha belgilangandi.

Endilikda 5 ming dollarlik minimal chegara bekor qilinib, maksimal summa 20 ming dollargacha oshirilmoqda.

«Associated Press» ma’lumotiga ko‘ra, 2024 moliya yilida ro‘yxatga kiritilgan davlatlar fuqarolari tomonidan AQSHda qolish muddatini buzish bilan bog‘liq qariyb 45,5 ming holat qayd etilgan.

Pilot loyiha davomida esa bunday holatlar 50 tadan kam bo‘lgan. Shu bilan birga, ushbu mamlakatlar fuqarolariga berilgan vizalar soni 83 foizga qisqargan.

Теглар

Мавзуга оид